Belorus, Belorussiya, Belarus Respublikasi
Beloruslar – sharqiy slavyan xalqlaridan biri, belorus tilida soʻzlashadi. Ularning mamlakati nomi milliy ensiklopediyamizda Belorussiya Respublikasi deb, qavs ichida Belarus deb berilgan. Imlo va izohli lugʻatlarimizda esa millat va til nomi uchun belorus soʻzi ishlatilgan. Nega bunday chalkash: birida belorus, boshqasida belarus shakli tanlangan?
Belorussiya – rus tilidagi shakli. Sovet davrida mamlakatlar nomini rus tili orqali oʻzlashtirganmiz. Til va millatni ifodalashda ham ruschaga taqlid qilganmiz. Beloruslarning oʻzi tilini ham, millatini ham, mamlakatini ham belarus soʻzi orqali ifodalaydi.
Eʼtiborli tomoni – prezident sayti ham, yirik axborot saytlari ham mamlakat nomini Belarus Respublikasi shaklida ishlatyapti. Aslida shunisi toʻgʻri. Millat va til nomida ham belarus shaklini tanlash va lugʻatlarga kiritish kerak. Oʻzbekcha talaffuzga ham, asliyatga ham mos. Oʻzbekcha Vikipediya allaqachon shu yoʻlga oʻtgan.
🟢 Lugʻatlar va ensiklopedik adabiyotlarning keyingi nashrlarida shunday tuzatish kiritiladi deb umid qilaman.