Bermudmi yo Bermuda?
Geografik nomlarni tarjima qilish va oʻzbekcha imloda ifodalashda xatolar koʻp uchraydi. Jumladan, mashhur Bermuda uchburchagi nomi ham Bermud uchburchagi shaklida xato ishlatiladi va bu urfga kirgan. Aslida Bermuda toʻgʻri.
Bu hududda havo va suv kemalari sirli ravishda gʻoyib boʻlib qolishi haqida afsonalar yuradi. Bu haqdagi maʼlumotlar OAVda dastlab oʻtgan asrning oʻrtalarida paydo boʻlgan. Vikipediyaga koʻra, Bermuda uchburchagi atamasini ilk bor 1964-yili Vinsent Gaddis Argosy jurnalida eʼlon qilgan “The Deadly Bermuda Triangle” (Halokatli Bermuda uchburchagi) nomli maqolasida qoʻllagan.
Bu uchburchak hudud nomi Atlantika okeanining shimoli-gʻarbidagi marjon orollari nomidan olingan. Bermuda orollari 150 tacha oroldan tashkil topgan. Ularning eng kattasi – Bermuda oroli. Buyuk Britaniya mulki hisoblanadi. Poytaxti va asosiy porti – Hamilton shahri. Orollarni 1505-yili ispan dengiz sayyohi Huan Bermudes kashf qilgan va hudud uning sharafiga atalgan.
Hudud tarixda Bermudas yoki Bermudaz deb atalgan. Keyinchalik Bermuda shakli qabul qilingan. Hozir ham ispan va portugal tillarida Bermudas shakli ishlatiladi.
Oʻzbek tiliga ruschadan tarjima qilishda bir nozik jihat koʻzdan qochirilgan. A unlisi bilan tugagan soʻzlar ruschada koʻplik shaklida va roditelniy padejda qoʻllanganda yoki sifatga aylanganda a tovushi tushib qoladi. Biroq bu soʻzning oʻzagida a tovushi yoʻqligini anglatmaydi:
Bermuda (Bermuda) – Bermuda.
Bermudskiye ostrova (Bermuda) – Bermuda orollari.
Bermudskiy treugolnik (Bermuda Triangle) – Bermuda uchburchagi.
Ekonomika Bermud (Bermuda economy / Economy of Bermuda) – Bermuda iqtisodiyoti.
Solishtiring:
Ankarskiy dogovor – Ankar kelishuvi, Anqar kelishuvi ❌
Ankarskiy dogovor – Anqara kelishuvi ✅
Ayrimlar toshboʻron qilvormasidan oldin aytib qoʻyay, milliy ensiklopediyada ham orollar nomi Bermuda shaklida berilgan. Bermuda uchburchagi esa ensiklopediyaga alohida maqola sifatida kiritilmagan.
🔄 Mavzuga aloqador:
- Xorijiy joy nomlari imlosi va erkinlik hissi
- Nyu-York emas, Nyu York
- Tinch okean
- Oʻrta dengiz
- Nur-Sultonmi yoki Nursulton?
- Quvaytmi yoki Kuvayt?
- Yevrosiyo