Moʻgʻulistonmi yoki Mongoliya?

Moʻgʻulistonmi yoki Mongoliya?

Turli nashrlarda, ommaviy axborot vositalarida Markaziy Osiyoda joylashgan bu davlat nomi xato yoziladi. Asosiy aholisi moʻgʻullardan iborat, bugun mavjud boʻlgan davlatning nomi – Mongoliya. Ular oʻz yurtlarini Mongol Uls deb ataydilar. Poytaxti – Ulan Bator shahri.

Moʻgʻuliston esa 1348-yili Chigʻatoy ulusi parchalanishi natijasida tashkil topgan davlat. Unga Qashqar, Yettisuv oʻlkasi va Ili vohasi qaragan. Bu davlat XVI asr boshigacha mavjud boʻlgan. Bobur mirzoning bobosi Yunusxon ana shu davlatning oxirgi qudratli xoni edi. Undan keyin mamlakat amalda mayda boʻlaklarga boʻlinib ketgan.

Ammo Moʻgʻuliston soʻzi faqat shu davlat nominigina anglatmaydi. Chingizxonning ajdod va avlodlari yashagan Markaziy Osiyodagi katta geografik hudud ham Moʻgʻuliston deb atalgan.

❗️ Demak, Moʻgʻuliston atamasini bugungi Mongoliyaga nisbatan ishlatish rasmiy-huquqiy jihatdan xato.

Turk, ozar, gagauz va qirimtatar kabi turkiy xalqlar, shuningdek, fors va tojiklar Mongoliya nomini Moʻgʻuliston shaklida ishlatar ekan. Albatta, bunda soʻz turli tovush oʻzgarishlariga uchraydi.

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube

Muallif haqida

Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.