Bir bayt sharhi: umr naqdi siygʻalur
Alisher Navoiyning “Har qachonkim kemaga ul oy safar raxtin solur” deb boshlanuvchi gʻazalida shunday misralar bor:
Kirma savdo bahrigʻa olamdin istab sudkim,
Siym naqdi tushsa, lekin umr naqdi siygʻalur.
Bu misralar koʻpchilikka tanish. Chunki shu gʻazalga bogʻlangan muxammas goʻzal qoʻshiqqa aylangan.
Misraning mazmuni shunday: savdo dengiziga foyda olaman deb kirmagin, boylik naqdi qoʻlga kirganda umr naqdi sirgʻalib chiqib ketib qoladi.
Sanʼatkor shoirning kuchi baʼzan birgina soʻzda ham yaqqol koʻrinishi mumkin. Nazarimda, misradagi siygʻalur soʻzi ana shunday zargarona topilgan iboralardan.
Hamma koʻradigan-biladigan, lekin hamma ham anglayvermaydigan
haqiqatni shoir goʻzal tarzda ifoda etyapti. Eʼtibor bergan boʻlsangiz, Navoiy shunchaki umr naqdidan ayrilasan, umring oʻtib ketadi, umr oʻtganini bilmay qolasan demayapti. Umr naqdi siygʻalur degan iborani ishlatyapti.
Ogʻir yuk koʻtargan boʻlsangiz kerak. Boshida yengil tuyulgan yuk bora-bora ogʻirlik qiladi, qoʻlingizdan sirgʻalishni boshlaydi. Biror yerda toʻxtamasangiz, tushib ketishi ham mumkin. Umr ham shunday. Vaqtida toʻxtay bilish, yon-atrofga, oʻtgan va kelajak manzillarga sin solish kerak.
Hech sirgʻanib yoki toyib ketganmisiz? Tasavvur qiling, kutilmaganda muz ustida sirpanib ketdingiz. Atrofdagi narsalarni koʻrib-anglab turasiz, oʻzingizni boshqarishga urinasiz, lekin buning uddasidan chiqish qiyin boʻladi. Pul, boylik ketidan quvganda ham shunday. Mol-dunyo zavqi sizni butunlay chulgʻab oladi. Atrofda nimalar boʻlayotganini koʻrasiz-bilasiz, hayotdan bahra olishga ham intilasiz, lekin shu chogʻdagi umr qanday oʻtib ketib qolganini sezmaysiz. Umringiz sirpanib, toyib ketganga oʻxshaydi. Shoir sizu bizni ana shundan ogoh etyapti.
Orif Tolib