Bir birikma tahriri: “ertalabki nonushta”

Bir birikma tahriri: “ertalabki nonushta”

“Takror aytilganda rangsizdir kalom”, deydi shoir. Qaytariqlar soʻzning ohorini toʻkadi, mazmunni kuchsizlantiradi. Bir oʻzakli yoki bir mazmunli soʻzlarni ketma-ket qoʻllash fanda tavtologiya deyiladi. Tahrirda bu holat matnning jiddiy qusuri sanaladi. Uni albatta toʻgʻrilash kerak.

Yaqinda bir kitob tahririda ertalabki nonushta degan birikmaga koʻzim tushdi. Bu yerda soʻzlar bir oʻzakdan hosil boʻlmagan, mazmuni ham alohida olganda boshqa-boshqa. Lekin u yaxlit holda baribir xato sanaladi. Nega?

Chunki nonushta faqat ertalab qilinadi. Uni ertalabki soʻzi bilan sifatlash ortiqcha.

 

Nonushta soʻzini izohli lugʻat ertalabki non-choy, xoʻrak deb sharhlagan:

 

Sidiqjon ertalab nonushtadan keyin joʻnamoqchi boʻlgan edi.

A. Qahhor, “Qoʻshchinor chiroqlari”.

 

Bu jumlada ertalab soʻzi toʻgʻri qoʻllangan. U joʻnash vaqtini yanada aniq koʻrsatish uchun ishlatilyapti, nonushtani sifatlayotgani yoʻq. Sodiqjon ertalab ketmoqchi, lekin nonushtadan keyin.

 

Nonushta qilmoq iborasi ertalabki xoʻrakni yemoq maʼnosini anglatadi.

 

📌  Demak:

Ertalab nonushtadan soʻng joʻnadi. Nonushtadan soʻng joʻnadi. Nonushtani vaqtida qiling! ✅

Ertalabki nonushtadan soʻng joʻnadi. Ertalabki nonushtani vaqtida qiling. ❌

 

Shunga oʻxshash iboralardan yana bilasizmi? Izohlarda qoldiring.

 

Orif Tolib

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube