Bir kallaqand, uch soʻm pul: kallaqand nima?

Bir kallaqand, uch soʻm pul: kallaqand nima?

“Arshin mololon” filmidagi bu ibora xalq orasida juda mashhur, yoshu qariga birday tanish boʻlib ketgan. Iborani ishlatamiz-u, lekin undagi kallaqand soʻzining maʼnosiga u qadar eʼtibor beravermaymiz. Xoʻsh, u nimani anglatadi? Izohli lugʻatdan bu haqda maʼlumot chiqmadi. Vikipediya, milliy ensiklopediya va boshqa manbalardan topgan-tutganlarimni siz bilan baham koʻrmoqchiman.

Oldin qand asosan konus shaklida ishlab chiqarilgan. Maʼlumotlarga koʻra, bu usul haqida ilk bor IX asr arab olimi Zubayr ibn Bakkor qayd etgan. Bu turdagi qandlar Italiyada 1470-yildan, Belgiyada 1508-yildan, Angliyada 1544-yildan, Niderlandiyada 1566-yildan ishlab chiqarila boshlagan. Milliy ensiklopediyaga koʻra, hozirgi Oʻzbekiston hududida XX asr boshlariga qadar chetdan keltirilgan xomashyodan hunarmad-qandolatchilar aynan shunga oʻxshash qand ishlab chiqargan va u kallaqand deb atalgan. Kallaqandlar turli kattalikda boʻlgan va 5 kilodan 15 kilogacha tosh bosgan. Chakana savdoga boʻlaklarga boʻlingan holatda chiqarilgan.

Qumsimon shakar paydo boʻlgach, kallaqandlar savdo rastalarini asta-sekin tark etgan. Biroq baʼzi Yevropa mamlakatlari uni hozirgacha ishlab chiqaradi. Oʻznetda kallaqand sotilishi haqidagi bir eʼlonga koʻzim tushdi. Demak, bizda ham u haligacha ishlab chiqariladi, xaridorlari bor.

Bilib oldingiz-a? Kallaqand konus shaklidagi yirik qand va uning maydalangan boʻlaklaridir. Buni ayniqsa uylanish harakatida yurganlar bilib qoʻysa, zarar qilmaydi. Bitta mulla, uch soʻm pul topilgan paytda kallaqand topolmay yurmasin tagʻin 😉.

 

Kallaqanddan oqqandga

 

Chex olimi va tadbirkori Yakov Kristof Radning xotini kallaqand maydalash payti qoʻlini jiddiy kesib oladi. Oradan 2–3 oy oʻtib ixtirochi qand presslovchi uskuna yasaydi va xotiniga 350 dona qand boʻlagini sovgʻa qiladi. Ushbu uskuna 1843-yili patentga ega boʻladi. Shunday qilib, biz yaxshi biladigan oqqand dunyo yuzini koʻradi. U shu yiliyoq sotuvga chiqariladi.

1852-yili Chexiyaning Dachitsa shahridagi Yakov Rad rahbarlik qiladigan zavodda oqqand ishlab chiqarish toʻxtatiladi. Chunki bu yerda qand lavlagi oʻsmas, xomashyo uzoqdan olib kelinar, korxona deyarli zararga ishlardi. Zavod oxir-oqibat bankrot boʻladi.

Radning ixtirosi tezda unutiladi. Keyinchalik oqqand ishlab chiqarish usuli boshqalarga ham nisbat beriladi. Biroq 1930-yillarda aynan Yakov Rad oqqandni birinchi boʻlib ishlab chiqargani isbotlanadi.

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube