Bir kosa sut

Bir kosa sut

Hovard maktabdan boʻshagan paytlari uyma-uy yurib narsa sotadigan faqir bir bola edi. Bir kuni eshikma-eshik koʻp chopgan boʻlsa-da, hech narsa sotolmadi. Qorni juda ochqab, holdan toydi. Choʻntagidagi oʻn sent hech narsaga yetmasdi.

Nihoyat navbatdagi uydan yegani narsa soʻrashga qaror qildi. Biroq eshikni yosh qiz ochgani sababli uyalib, suv soʻrashga kuchi yetdi, xolos. Qiz uning ochqaganini anglagandi. U suv oʻrniga bir kosa sut olib chiqdi. Hovard sutni shoshmay, hoʻplab-hoʻplab ichdi, soʻng:

– Necha pul boʻladi? – deb soʻradi.

Qiz:

– Hech nima kerak emas, tekinga. Onam qilgan yaxshiligingga pul olmagin deb oʻrgatganlar, – deb javob berdi.

Bola:

– Chin koʻnglimdan rahmat aytaman, – dedi va ketdi.

Yillar ketidan yillar oʻtdi. Hovard dastlab oʻrta maktabni, soʻng litseyni, keyin esa universitetni tugatdi. Yillar oʻtaverdi.

Bir kuni Jon Hopkins universiteti Tibbiyot fakultetining Ginekologik onkologiya boʻlimiga ogʻir bir xastani olib kelishdi. Qahramonimiz Hovard Kelli bu mashhur tibbiyot dargohining taʼsischilaridan biri edi. Boshqa shifoxonadagi doʻxtirlar bemorni davolash tugul, unga hatto toʻgʻri tashxis ham qoʻya olmagan edi.

Doʻxtir Kelli bemorning maʼlumot varaqasini koʻzdan kechirayotib uning qayerdan kelganini bilgach, xotirasida bolaligi oʻtgan koʻchalar, mashaqqatli kechmishi jonlandi. Koʻrikka kirgan doʻxtir xastani bir koʻrishdayoq tanidi. Bu ayol uzoq yillar oldin unga suv oʻrniga sut bergan oʻsha qiz edi.

Uzoq yillar oldingi yaxshilikni eslagan doʻxtir Kelli bor ilm-mahoratini ishga solib, kasalni davolashga kirishdi. Nihoyat Olloh shifo berdi, ayol ogʻir xastalikdan qutuldi.

Shifoxonadan javob beriladigan kuni ayolni davolash bilan bogʻliq barcha xarajatlar hisob-kitob qilingan qogʻoz rahbarga – Hovard Kelli huzuriga olib kirildi. Hisob qogʻozini koʻrgan doʻxtir unga bir narsalar yozdi va qogʻozni ayolning xonasiga yubordi. Ayol qoʻrqa-pisa qogʻozni ochdi. Bu singari davolanish juda katta pul turishini u yaxshi bilardi. Boʻynimga anchagina katta qarz ilindi, deb oʻylardi u.

Qogʻozda haqiqatan ham oʻn minglab dollarlik raqamlar yozilgan edi. Biroq uning ostida doʻxtir Kelli imzosi bilan bir izoh yozib qoʻyilgandi:

“Xarajatlar bir kosa sut bilan toʻlab qoʻyilgan”.

 

Orif Tolib tayyorladi.

 


“Hidoyat” jurnalining 2014-yil 7-sonida chop etilgan.


Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube