Chaqaloq va goʻdak
Bu ikki soʻzni izohli lugʻat farqlamagan. Chaqaloq soʻziga yangi tugʻilgan bola; goʻdak deb taʼrif berilgan. Goʻdak soʻzi forschadan kirgan, oʻzbek tilida uch xil maʼnoni anglatadi:
1️⃣ Emadigan, koʻkrakdan ajratilmagan, odatda bir yoshgacha boʻlgan bola; chaqaloq.
Goʻdaklar esa beshikda, daraxtlar orasidagi belanchaklarda uxlab yotishadi.
Oybek, “Tanlangan asarlar”.
2️⃣ Voyaga yetmagan, ona suti ogʻzidan ketmagan bola, yosh bola.
Musulmonqul… oʻzini mingboshi eʼlon qilib, aqlsiz bir goʻdakni xon koʻtarib, el yelkasiga mindi.
A. Qodiriy, “Oʻtgan kunlar”.
3️⃣ Koʻchma maʼnoda: yetarli turmush tajribasiga ega boʻlmagan, xom, gʻoʻr odam.
Dildor Aʼzamjonni koʻrdi-yu, Nizomjon koʻziga bir yosh bola, goʻdak boʻlib koʻrindi-qoʻydi.
S. Ahmad, “Ufq”.
Eʼtibor bergan boʻlsangiz, izohli lugʻat goʻdak soʻzining birinchi maʼnosi sharhida odatda bir yoshgacha boʻlgan bola degan taʼrifni ishlatgan.
Milliy ensiklopediya ham ikki soʻzni sinonim sifatida koʻrgan. Chaqaloq soʻzi taʼrifida goʻdak soʻziga havola bergan, lekin goʻdak soʻzi izohida chaqaloqning farqini koʻrsatgan:
Goʻdak – emadigan bola, bir yoshgacha boʻlgan bola. Shartli ravishda tugʻilganidan keyin toʻrt haftagacha – chaqaloq.
Amaliyotda har qanday kichik yoshdagi bolaga nisbatan goʻdak soʻzi ishlatib ketilaveradi. Bu xato emas. Sababi soʻzning ikkinchi maʼnosi shunga mos. Chaqaloq soʻzini emadigan
bolaga, hatto u ikki yoshli boʻlsa ham, bemalol ishlatish mumkin. Chunki uning maʼnosi shunday. Oʻzi jonli tilda xuddi shunday qoʻllanadi. Toʻrt haftalikkacha boʻlgan bolani chaqaloq ham, goʻdak ham desa boʻladi.
Maʼno asosan tibbiy yoki ilmiy matnlarda farqlandi.
Chaqaloqlarga nisbatan shevalarda buvak, jiji kabi soʻzlar ishlatiladi.
👉 Yangi tugʻilgan bolani yana qanday soʻzlar bilan ifodalash mumkin? Izohlarda qoldiring.