“Beshbattar”dagi besh nima?
Baʼzi soʻzlar hamisha ham biz oʻylagan yoki taxmin qilgan maʼnoga ega boʻlmasligi mumkin. Bu holat ayniqsa omonimlarda yaqqol koʻzga tashlanadi. Agar biror soʻzning shakldoshi borligini bilmasangiz, uni yanglish tushunishingiz hech gap emas. Beshbattar soʻzi tarkibidagi besh ham xuddi shunaqa soʻzlardan.
Biz besh soʻzini asosan son maʼnosida tushunamiz. Shu sababli beshbattar soʻzi maʼnosini besh baravar yomon, besh daraja yomon deb taxmin qilishimiz mumkin. Aslida esa bu soʻz umuman boshqa maʼnoni anglatadi.
Beshbattar forschadan kirgan, uning tarkibidagi besh soʻzi koʻp, ortiq, ziyoda maʼnolarini bildiradi. Battar esa juda yomon degani.
Beshbattar oʻzbek tilida nihoyat darajada, oʻtaketgan darajada, haddan ortiq; juda ogʻir, qiyin maʼnolarida, salbiy maʼnoni ifodalash uchun ishlatiladi:
Qassobning esiga dafʼatan tunov kungi dilxiralik tushib, koʻngli beshbattar gʻash tortdi.
“Yoshlik”.
Ey bechoralar… Bu shaharda bizdan ham beshbattar kambagʻallar borga oʻxshaydi.
P. Tursun, “Oʻqituvchi”.
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.