Charlzmi yo Karl?

Charlzmi yo Karl?

Oʻta murakkab iqtisodiy tushunchalarni ham sodda tilga oʻgirib beradigan kanal bor – “Iqtisodchi kundaligi”. Shu kanal muallifi “Buyuk Britaniyaning yangi qiroli nomi oʻzbekchada Charlz shaklida berilishi kerakmi yoki Karl?” degan savolni oʻrtaga tashladi.

Haqiqatan, ruslar toʻliq ismi Charlz Filip Artur Jorj boʻlgan bu shaxsni valiahd shahzodaligida Charlz deb atagan, taxtga oʻtirgandan keyin esa Karl deb atay boshlagan.

Oʻzbekchada xorijiy nomlarni oʻzlashtirish borasida kamchiliklar koʻp. Koʻpincha rus tilidan koʻchirib qoʻya qolamiz. Rus tilida esa oʻzlashmalar imlosi nemis va fransuz tillari taʼsirida shakllangan.

Vikipediyadan solishtirib koʻrdim. Asl inglizcha varianti – Charles III. Qirol boʻlgandan keyin ismida tovush yoki imlo oʻzgarishi boʻlmagan. Turk, qozoq, qirgʻiz, ozarboyjon, tatar, moʻgʻul, kurd, urdu, fors, boshnoq, ukrain, dan, fransuz, niderland, shotland kabi tillarda asliga muvofiq yozilgan. Toʻgʻri, oz-moz tovush oʻzgarishlari bor. Lekin Charlzning turli shakllari.

Rus, ispan, portugal, italyan, venger, horvat kabi tillarda Karlning turli shakllari qoʻllangan. Nemis tilida ham Charlz, ham Karl ishlatilgan oʻrinlar bor ekan.

Xoʻsh, oʻzbekchada qanday bergan maʼqul? Men lotin tiliga moslashga asos yoʻq deb hisoblayman va qirolga aylangan shahzoda nomini Charlz shaklida beraverish tarafdoriman. Chunki asliyatdagi imlo va oʻzbekchadagi talaffuz shuni taqozo etadi.

 

🔄  Mavzuga aloqador:

 

Telegram | YouTube

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube