Qonun, qaror, farmon va farmoyish: farqi nimada?
“Normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida”gi qonunga asosan, Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari, Oliy Majlis palatalarining qarorlari qonun hujjatlaridir. Prezident farmonlari va qarorlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari, vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralarning buyruqlari hamda qarorlari, mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlari qonunosti hujjatlaridir.
Milliy ensiklopediyaga koʻra, qonun davlat oliy vakillik organlarining eng yuqori kuchga ega boʻlgan hujjatidir. Oʻzbekistonda eng asosiy qonun – Konstitutsiya.
Qaror esa davlat organi yoki mansabdor shaxsning oʻz vakolati doirasida qabul qiladigan va biror oqibat keltirib chiqaradigan
hujjatidir. Izohli lugʻat qaror soʻzini “rasmiy organ, tashkilot, majlis, mansabdor shaxs va shu kabilarning biror ish, masala yuzasidan bamaslahat qabul qilgan toʻxtami, hukmi” deb sharhlagan.
Farmon – hokimiyat oliy organi yoki davlat boshligʻining qonun kuchiga ega boʻlgan buyrugʻi, farmoyishi.
Farmoyish – boshqaruvga doir huquqiy hujjat. Konstitutsiyaviy huquqda davlat boshligʻi va ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan vakolatlari doirasida chiqariladi. Ijro etuvchi hokimiyat organining tez hal qilinishi kerak boʻlgan va boshqa joriy masalalarga oid qarori farmoyish shaklida chiqariladi.
📌 Demak:
Qonun – eng yuqori kuchga ega hujjat. Qaror – rasmiy organ yoki mansabdor shaxsning biror masala boʻyicha toʻxtamini ifodalovchi hujjat. Farmon – eng yuqori organ yoki davlat boshligʻining buyrugʻi. Farmoyish esa tez hal qilinishi kerak boʻlgan masalalar haqidagi farmon yoki qaror ekan.
🔄 Mavzuga aloqador:
- Bosh harf bilan yozilmaydi
- Qonun hujjatlari tili: “oʻzgartish”mi yoki “oʻzgartirish”
- Qomus nima degani?
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.