Chin-Mochin. Chin – Xitoy. Mochin qayer?
Badiiy adabiyotlarda, ayniqsa, ertaklarda Chin-Mochin, Chinu Mochin kabi iboralarga koʻzimiz tushadi. Baʼzan oʻzimiz ham soʻzlashuvda ishlatamiz. Chin Xitoy ekani koʻpchilikka maʼlum. Bu yurt nomi inglizchada ham China deyiladi. Xoʻsh, Mochin qayer?
Mochin hindcha Moho – katta va Chin soʻzlaridan, Katta Chin degan maʼnoni anglatadi.
Milliy ensiklopediyaga koʻra, Mochin qadimda Xitoyning shimoli va shimoli-gʻarbida yashagan xalqlar nomidan kelib chiqqan joy nomi.
Mochinning oʻrni ijtimoiy-siyosiy vaziyat va xalqlarning koʻchishi natijasida oʻzgarib turgan. Mahmud Koshgʻariy “Devonu lugʻotit turk”da Yuqori Chinda istiqomat qilgan tabgʻachlar keyingi davrda mochin deb atalganligini aytadi. “Mochinliklar va chinliklarning alohida tillari bor boʻlsa ham, shaharliklar turkchani yaxshi biladilar, biz bilan yozishmalari turkchadir”, deb yozadi ulugʻ tilshunos.
Abdurasul Abduxoliq oʻgʻli “Chin va Mochin” kitobida Maxmud Koshgʻariy oʻz dunyo xaritasida Mochin deb chizgan joy Koreya yarim oroli boʻlishi kerak degan fikrni ilgari suradi va u hozirgi Manjuriya hududiga toʻgʻri kelishini aytadi.
Chin va Mochin soʻzlari qadimda turkiy xalqlar yashagan hududlarga nisbatan ishlatilgan. Keyinchalik ular anglatadigan maʼno oʻzgargan.
Orif Tolib