Darranda nima?

Darranda nima?

Kitoblarda, gazeta-jurnallarda “parranda-darrandalar” degan soʻzga duch kelgan boʻlsangiz kerak. Parranda nimaligini koʻpchiligimiz yaxshi bilamiz: har qanday qush zoti. Uyda boqiladiganlari uy parrandasi deyiladi. Masalan, tovuq – uy parrandasi. U ham aslida qush.

Xoʻp, bu gaplar tushunarli. Lekin darranda nima?

Darranda – asli forscha soʻz, pora qilmoq, parchalamoq maʼnosidagi feʼlning hozirgi zamon shakli. Izohli lugʻatga koʻra, oʻzbek tilida ikki xil maʼnoda ishlatiladi.

 

  1. Sutemizuvchi yirtqich, vahshiy hayvon:

 

Darrandalarning ayrimlari, sariq yumronqoziq va sugʻurlar qish va yozda uzoq uyquga ketadi.

“Fan va turmush”

 

Tuxumi qurib ketgan, quruqda yashovchi sudralib yuruvchilardan darranda kaltakesaklar diqqatga sazovordir.

“Zoologiya”

 

  1. Koʻchma maʼnoda. Yovuz, yirtqich:

 

Yanching oʻz ichida darranda zotin,

Gitlerning baloyi nogihonlarin.

Gʻ. Gʻulom.

 

Darranda dushmanlar serjahl, asabiy,

Kuchanar devorni sindiray deya.

M. Shayxzoda, “Chorak asr devoni”.

 

? Demak, darranda yirtqich hayvon, koʻchma maʼnoda esa yovuz, yirtqich deganidir.

 

Orif Tolib

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube