Darslik va oʻquv qoʻllanma: farqi nimada?

Izohli lugʻatga koʻra, darslik – fanning biror sohasi boʻyicha oʻquvchilar va talabalar uchun moʻljallab yozilgan kitob. U oʻquv adabiyotining asosiy va yetakchi turidir.
Oʻquv qoʻllanma – bilimlarni kengaytirish, chuqurlashtirish va yaxshiroq oʻzlashtirishga xizmat qiladigan vosita. Oʻquv jarayonida foydalaniladigan tabiiy obyektlar, asbob-uskunalar, jadvallar, xarita, kinofilm, audio va boshqalar ham oʻquv qoʻllanma hisoblanishi mumkin.
Taʼlim nuqtai nazaridan qaraganda, oʻquv qoʻllanma darslikni toʻldiruvchi yoki uning oʻrnini qisman bosuvchi, rasman tasdiqlangan oʻquv adabiyotidir. Mustaqil oʻqish kitoblari, xrestomatiyalar, maʼlumotnoma-kitoblar, lugʻatlar, chet tillari boʻyicha matni moslashtirilgan kitoblar, mashqlar toʻplamlari, mustaqil shugʻullanish uchun metodik yoʻriqnomalar, bosmadan chiqqan daftarlar va boshqalar oʻquv qoʻllanma sanaladi.

Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, ilmiy-ommabop, adabiy-tahliliy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.