Degan: vergul kerakmi yoki yoʻq?
Kitoblarda, gazeta-jurnallarda degan soʻzidan oldin vergul ishlatish holatlari juda koʻp uchraydi. Aslida vergul kerak emas.
Amaliyotdan misol. Degan soʻzidan oldin bitta soʻz boʻlsa, odatda vergul ishlatilmaydi:
Holva degan bilan ogʻiz chuchimaydi.
Jumla bir necha soʻzdan iborat boʻlib qolsa, birdan vergul qoʻyamiz. Keragi yoʻq. Jumla bir soʻzdan iborat boʻlsa ham, oʻn soʻzdan iborat boʻlsa ham, mohiyat oʻzgarmaydi:
Buni tushunishning oʻzi ham katta gap degan xulosaga keldik.
Bugun ishga vaqtliroq boraman degan edim.
Vergul ishlatish kerakligi haqida ham bitta-yarim sabab topish mumkindir. Biroq matn vergulzor emas. Tinish belgilarini oʻta zarur holatda qoʻllash
kerak. Ularning koʻpligi matnning tushunilishini qiyinlashtiradi.
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.