Dehqon va suv parisi

Dehqon va suv parisi

Dehqon boltasini daryoga tushirib yubordi. Gʻamga botgancha qirgʻoqda koʻzyosh toʻka boshladi. Buni eshitgan suv parisining unga rahmi keldi. Daryodan oltin bolta olib chiqib:

– Mana shu sening boltangmi? – dedi.

– Yoʻq, meniki emas, – dedi dehqon.

Suv parisi kumush bolta olib chiqdi. Dehqon bu ham uniki emasligini aytdi. Shundan soʻng suv parisi haqiqiy boltani keltirdi.

– Ha, mana shu mening boltam, – dedi dehqon.

Suv parisi dehqonga toʻgʻrisoʻzligi uchun uchala boltani ham sovgʻa qildi. Uyga qaytgach, dehqon doʻstlariga boltalarni koʻrsatdi va boʻlgan voqeani aytib berdi. Buni eshitgan boshqa bir dehqon shunday yoʻl tutib, qimmatbaho boltalarga erishishni moʻljalladi. Daryo boʻyiga borib, boltasini atay suvga otdi. Soʻng yigʻlashga tushdi.

Suv parisi oltin bolta olib chiqdi va soʻradi:

– Bu sening boltangmi, ogʻayni?

– Ha, ha, meniki! – deb qichqirdi dehqon quvongancha.

Suv parisi yolgʻonchi dehqonga oltin boltani bermadi, oʻziniki ham qaytarmadi.

 

Orif Tolib tarjimasi

 

“Gʻuncha” jurnalining 2019-yil 2-sonida chop etilgan.

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube