Dahliz va yoʻlak: farqi nimada?
Qurilish firmalarining reklamalar va xonadon tarhlarini oʻzbekchada berayotgani quvonarli, albatta. Biroq kopirayterlar yoki reklama mutaxassislari baʼzan yanglish soʻzni ishlatib qolyapti.
Ruschada prixojaya degan tushuncha bor. Oʻzbeklar bu soʻzni juda yaxshi koʻradi va ogʻzaki tilda prixojka tarzida qoʻllaydi. Vaholanki, uning oʻzbekcha muqobili bor. Asli forscha boʻlsa-da, oʻzbekchalashib ketgan va tilimizda asrlardan beri qoʻllanadi. Uni sizu biz ham ishlatganmiz, eshitganmiz – dahliz. Dahliz faqat hovlili uylarda boʻlmaydi. Koʻp qavatli binolarda ham dahlizlar va dahliz oʻrnidagi xonalar bor. Uyning kiraverishiga qurilgan, odatda poyabzal va ust kiyimlar yechib kiriladigan birinchi xona ana shu dahlizdir.
Reklama matnlari va uy loyihalarida prixojkani dahliz deb berish kerak, yoʻlak emas. Yoʻlak soʻzi koridorni ifodalaydi.
📌 Demak, shu soʻzlarga ishi tushadiganlar
eʼtiborga olib qoʻyasiz:
Prixojaya, prixojka – dahliz. ✅
Koridor – yoʻlak. ✅
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.