Doʻst tanlash qoidalari
Imom Gʻazzoliy “Anvorul hikmat” (“Hikmat nurlari”) asarida doʻst, uni tanish va tanlash haqida qimmatli maslahatlar beradi. Buyuk olimning soʻzlariga quloq tutsak, ularga amal qilsak, bu borada qoqilmaymiz:
- Agar biror kishining koʻnglida senga nisbatan xayrixohlik yoki dushmanlik bormi-yoʻqligini bilishni istasang, oʻz koʻnglingga nazar sol – unga nisbatan xayrixohlik bormi yoki dushmanlik. Shunga qarab xulosa chiqarib olaver.
- Mehribon doʻst toʻgʻri yoʻldan, ezgulik yoʻlidan adashib, itoatsizlik va gunoh soʻqmogʻiga qadam
qoʻyib qolganingda seni toʻgʻri yoʻlga boshlash uchun jon chekadigan va bu ishni oʻzining majburiyati deb biladigan kishidir. - Aybsiz doʻst qidirgan kishining doʻsti kam boʻladi. Doʻstining har bir xatosini taʼna qilaveradigan odamning esa dushmani koʻpayadi. Doʻsti biror-bir foydani qoʻlga kiritganda oʻzidan koʻra meni afzal koʻradi deb kutgan kishi hamisha iztirobda yashaydi.
- Doʻsting dushmaning bilan gaplashib turganini koʻrsang, xafa boʻlma. Agar u chin doʻst boʻlsa, dushmaning senga zarar yetkazishiga yoʻl qoʻymaydi. Agar u vafosiz doʻst boʻlsa, bunga ham achinma, bunaqa odam dushmaning bilan oshna boʻlgani yaxshi.
- Doʻstlik va birodarlik ipini halol va samimiy kishilar bilan bogʻla.
- Doʻstlar uch xil boʻladi – doʻstlar, doʻstlarning doʻstlari va dushmanlarning dushmanlari. Dushmanlar ham uch xil boʻladi – dushmanlar, doʻstlarning dushmanlari va dushmanlarning doʻstlari.
- Doʻstlar ozor sabab dushmanga aylanadi, dushmanlar esa saxiylik va himmat sabab doʻstga aylanadi. Agar dushmanlaringni hadyalar bilan doʻstga aylantirish imkoniga ega boʻlmasang, yomon xulq-qiliqlaring tufayli doʻstlaringni dushmanga aylantirishdan saqlan.
- Agar kim bilandir doʻstlashmoqchi boʻlsang, gʻazab paytida oʻzini qanday tutishiga boq. Agar shu holatda ham axloqini mahkam tuta olsa, u bilan doʻstlash. Agar aksi boʻlsa, unga yaqinlasha koʻrma.
- Oʻzing muomala qilmagan kishilar bilan doʻstlik ipini bogʻlama. Sinab koʻrmagan kishing bilan aslo doʻst tutinma.
- Odamlarning eng yomoni birovlar bilan dushmanlik qiladigan, atrofdagilar yomon koʻradigan, odamlarga zarar yetkazishni oddiy hol sanaydigan, xatolarni kechirmaydigan va uzrlarni qabul qilmaydigan kishidir.
- Eng katta johil doʻstlik va birodarlik majburiyatlarini, qoidalarini bajarmasligi sababli doʻstida nafrat hissi paydo qiladigan kishidir.
- Boshqalar bilan xushmuomala boʻlgan kishi doʻstlaridan ham, dushmanlaridan ham qoʻrqmasa boʻladi. Feʼli, axloqi bilan doʻstlariga yordam beradigan kishi esa oʻzini ularning dushmanligidan qoʻriydi.
- Samimiy doʻst aybingni koʻrganda uni ochishga intilmaydi, yutuq-fazilatlaringni eshitganda oʻn barobar oshirib koʻrsatadi, senga qilgan iltifotini yuragida saqlaydi, sendan koʻrgan foydasini esa unutmaydi, u bilan munosabatda xatoga yoʻl qoʻysang, jahllanmaydi, kechirim soʻrasang, afv etadi.
- Dunyoviy maqsadlarda bogʻlangan doʻstlik ipi eng mayda sabab bilan ham uzilishi mumkin. Alloh roziligi uchun doʻst boʻlganlarning oʻrtasini dunyoviy sabablar buza olmaydi.
- Jasoratli odamning mardonaligi jang kunida bilinadi. Eʼtimodli kishilarning ishonchliligi haqsizlik va adolatsizlik paytida namoyon boʻladi. Ayolning muhabbati va sadoqati kambagʻallik va yoʻqchilik damlarida koʻrinadi. Doʻstlikning samimiyati esa boshga mushkul ish tushganda, biror baxtsizlikka yoʻliqqanda yuzaga chiqadi.
- Xiradmand butun dunyo oʻziga dushman boʻlgan taqdirda ham hech kim bilan dushmanlik qilmaydigan kishidir.
- Ogʻzi shaloq, hammadan norozi yuradigan va oʻzini yomon tutadigan kishiga hamma dushman. Yolgʻon gapirmaydigan, soʻzida turadigan va birovning dilini ogʻritmaydigan kishiga esa hamma doʻst.
Orifjon Madvaliyev tayyorladi.
“Irfon” taqvimida (2014-yil 4-chorak) chop etilgan.