Dunyo xalqlari xazinasidan 50 javohir
Tafakkuringizni yuksaltiradigan hikmatlar
- Atala ichdi-yu, tomogʻiga suyak tiqildi. (Afgʻon maqoli)
- Birovning uyi yondi, birov oʻsha olovda kalla-pocha pishirdi. (Kurd maqoli)
- Bolaning qoʻliga kirgan zirapcha onaning yuragiga qadaladi. (Mordva maqoli)
- Boshqalar pul ishlasa – yuragimga azob, oʻzim ishlasam – belimga. (Gruzin maqoli)
- Bu gaplaringga ogʻzing muzlab qolmayaptimi? (Veps maqoli)
- Dam olgan paytim zanglayman. (Olmon maqoli)
- Dunyoda faqat bitta yomon ayol bor: har bir erkak aynan unga roʻpara boʻldim deb oʻylaydi. (Shved maqoli)
- Eng katta togʻ – uyingning ostonasi. (Sloven maqoli)
- Gʻiybat koʻmirga oʻxshaydi: kuydirmasa ham, qorasi yuqadi. (Rus maqoli)
- Goʻshtni tuz saqlar, tuzning oʻzi aynisa, uni nima saqlar? (Abazin maqoli)
- Haqiqatgoʻyning bir oyogʻi uzangida, oti esa ostonada shay tursin. (Arman maqoli)
- Har qanday ortiqcha narsa zarar beradi. (Lotin maqoli)
- Hayot raqs emas – orqaga yurolmaysan. (Zulus maqoli)
- Javob berishga shoshilgan sekin oʻylaydi. (Arab maqoli)
- Kirlangan vijdon bir paytning oʻzida ham daʼvogar, ham qozi, ham guvoh, ham jalloddir. (Niderland maqoli)
- Loviyani quritadigan qurt uning ichida boʻladi. (Kongo maqoli)
- Ming botmonli yoydan sichqon otilmaydi. (Yapon maqoli)
- Molim – jonimning sadaqasi, jonim – orimning sadaqasi. (Qozoq maqoli)
- Muammoni pul bilan hal qilish mumkin boʻlsa, bu muammo emas, chiqimdir. (Yahudiy maqoli)
- Oʻgay ona oʻpganidan oʻz onang urgani yaxshi. (Alban maqoli)
- Olov doʻmbira emas, lekin ustida turib qolsang, raqs tushishni boshlaysan. (Afgʻon maqoli)
- Onang oʻlgach, otang togʻaga aylanadi. (Telugu maqoli)
- Oʻrmon yonsa, hamma koʻradi, koʻngildagi yongʻin hech kimga koʻrinmaydi. (Bengal maqoli)
- Otasi zirk yeydi, bolalarning tishi qamashadi. (Avar maqoli)
- Oʻtin yorgan ham, “oʻh” degan ham teng ulush oldi. (Bolqor maqoli)
- Oʻzini uxlaganga solgan odamni uygʻotish qiyin. (Filippin maqoli)
- Pivoxoʻr tarvuzga oʻxshaydi – qorni kattalashadi, bandi quriydi. (Chex maqoli)
- Qon qussang: “Qizil sharbat ichgandim”, degin. (Turk maqoli)
- Qovoqxonachi alkashni yaxshi koʻradi, lekin unga qizini bermaydi. (Belorus maqoli)
- Sababi nimaligini bilmayman, lekin gʻozlar yalangoyoq yuradi. (Niderland maqoli)
- Shunday kambagʻallar bor – ularning faqatgina puli boʻladi xolos. (Island maqoli)
- Siz mening suv ichishimni koʻrib turibsiz, chanqogʻimni emas. (Meksikan maqoli)
- Siz shamolga buyruq bera olmaysiz, lekin shamol tegirmoni qurishingiz mumkin. (Niderland maqoli)
- Sovchi kelgan payt itga ham mis ityaloqda ovqat berishadi. (Chechen maqoli)
- Suv borligida baliq chumolilarni yedi, suv qurigach, chumolilar – baliqni. (Tay maqoli)
- Suvning yerga singib oqqanidan qoʻrq, yigitning yerga boqqanidan qoʻrq. (Qoraqalpoq maqoli)
- Tajriba – kal boʻlib qolgandan keyin qoʻlga kiritgan tarogʻimizdir. (Xitoy maqoli)
- Teshik bor joyda shamol boʻladi, bekorchi bor joyda – gʻiybat. (Boshqird maqoli)
- Toshbaqa mingta tuxum qoʻyadi – hech kim bilmaydi, tovuq bir dona tugʻsa – butun mamlakatga shovqin soladi. (Indonez maqoli)
- Toʻydan bir yil oʻtgach – er gapiradi, xotin eshitadi; ikki yil oʻtgach – xotin gapiradi, er eshitadi; olti yildan keyin – ikkoviyam gapiradi, qoʻshnilar eshitadi. (Bolgar maqoli)
- Toʻydan oldin koʻzingni kattaroq och, toʻydan keyin esa yum. (Irland maqoli)
- Xonning qoʻynida qaltirab yotguncha qulning qoʻynida quturib yot. (Qirgʻiz maqoli)
- Xotinni erkak emas, or-nomus qoʻriqlaydi. (Turk maqoli)
- Yaxshi erkakning ichida oltin egarli ot yotadi, yaxshi ayolning ichida oltin beshikli oʻgʻil yotadi. (Qozoq maqoli)
- Yaxshi ish jazosiz qolmaydi. (Venger maqoli)
- Yechilgan jumboq oson tuyuladi. (Fors maqoli)
- Yomon bola ortiqcha barmoqqa oʻxshaydi: kessang – ogʻriydi, kesmasang – qiynaydi. (Qoʻmiq maqoli)
- Yukni sen koʻtar, mayli, men oʻrningga harsillab turaman. (Moʻgʻul maqoli)
- Yurakdan aytilgan soʻz uch qish isitadi. (Udmurt maqoli)
- Yuz chaqirim yoʻl bosishi kerak boʻlgan odamga toʻqson chaqirim – yoʻlning yarmidir. (Yapon maqoli)
Orif Tolib
tarjimalari
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, ilmiy-ommabop, adabiy-tahliliy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.

