Dunyoning yetti moʻʼjizasi
Bir maktabda “Dunyoning yetti moʻʼjizasi” mavzusida dars tashkil etildi.
Oʻquvchilarga nimani moʻʼjiza deb hisoblashsa, eng muhim yettitasini yozish vazifasi topshirildi.
Hamma daftarlarini topshirdi, faqat bir qizcha hali ham yozishni tugatmagan edi. Oʻqituvchi: “Senga koʻmaklashvoraymi, qizim?” deb soʻradi undan. Qizcha: “Dunyoda moʻʼjizalar shunaqangi koʻpligidan qaysi birini tanlashni bilmay koʻp oʻylandim”, deb javob berdi. Shunda ustozi: “Qani, tanlaganlaringni oʻqib ber-chi”, dedi unga. Qizcha birmuncha vaqt ikkilanib turdi-da, soʻng oʻqishga kirishdi:
“Men uchun dunyoning yetti moʻʼjizasi:
1. Koʻrish.
2. Eshitish.
3. Harakatlanish.
4. Anglash.
5. His qilish.
6. Kulish.
7. Yaxshi koʻrish”.
Butun sinfga sukunat choʻkdi.
Orif Tolib tayyorladi.
“Irfon” taqvimi (2014-yil 1-chorak)da chop etilgan.
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.