Egalik qoʻshimchasi ikki bor qoʻshilmaydi

Egalik qoʻshimchasi ikki bor qoʻshilmaydi

Soʻzga bitta vazifadagi qoʻshimcha ikki MARTA qoʻshilmaydi. Oldin majhul nisbat qoʻshimchasini bir soʻzga ikki MARTA tirkash xato ekani haqida yozgandim.

Shu xildagi yanglishlik uchinchi shaxs egalik qoʻshimchalarini qoʻllashda ham uchrab turadi: tili – tilisi, iloji – ilojisi. Bunday holatlarda ikkinchi egalik qoʻshimchasi -si ortiqcha. Bu qoʻshimcha unli tovushlar bilan tugagan soʻzlarga qoʻshiladi: onasi, inisi, mavzusi.

📌 Y undoshi bilan tugagan va baʼzi soʻzlarga ham -si qoʻshiladi. Buni qanday aniqlash mumkin? Juda oddiy: y undoshidan oldin i unlisi kelgan boʻlishi kerak: vodiysi, homiysi, voliysi.

-i qoʻshimchasi esa asosan undosh bilan tugagan soʻzlarga, baʼzan unli bilan tugagan soʻzlarga qoʻshiladi: tili, iloji, kitobi, qarori, qishlogʻi, giyohi, manbai, tolei.

Tili va iloji soʻzlariga -i egalik qoʻshimchasi qoʻshilib boʻlgan, unga yana -si tirkash ortiqcha va xato.

Lekin tilda qoidaga boʻysunmaydigan holatlar ham uchrab turadi. Egalik qoʻshimchalarida ham shunday vaziyat bor. III shaxs birlikda singil soʻziga ham -i, ham -si qoʻshiladi va bu toʻgʻri: singlisi.

 

📌  Demak:

 

Har kim oʻz ona tilini oʻrganishi kerak. ✅

Ushbu soʻrovni amalga oshirishning iloji yoʻq. ✅

U maktabdan singlisi bilan birga qaytdi. ✅

 

Har kim oʻz ona tilisini oʻrganishi kerak. ❌

Ushbu soʻrovni amalga oshirishning ilojisi yoʻq. ❌  

U maktabdan singli bilan birga qaytdi. ❌

 

Misollarda keltirilganga oʻxshash yana qanday xatolarni bilasiz? Izohlarda yozing.

 

Orif Tolib

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube