Elektron OAV nomi qanday yozilishi kerak?
Bu borada hamma har xil yoʻl tutyapti. Qanday yozgan yaxshiroq?
Imlo va punktuatsiya masalasida biz koʻp ergashadigan rus tilida bunga allaqachon yechim taklif qilishgan.
Oʻzbek tilida qanday yozgan maʼqul?
Punktuatsiya qoidalariga koʻra, gazeta, jurnallarning nomlari, muassasa, tashkilot, korxona va shu kabilarning shartli nomlari qoʻshtirnoqqa olinadi. Gazeta va jurnal ommaviy axborot vositasi ekanini hisobga olsak, elektron nashrlarning nomini ham qoʻshtirnoqda berish kerak:
“Daryo” nashri, “Kun” sayti, “Gazeta” xabar berishicha kabi.
❗️ Bir narsani esdan chiqarmaslik kerak. Qoʻshtirnoq bu kabi oʻrinlarda ajratib koʻrsatish uchun ishlatiladi. Soʻz matn ichida ajrab turadi va uning nom ekani bilinadi. Shu mantiqdan kelib chiqadigan boʻlsak, elektron OAV nomi domen koʻrinishida berilsa, qoʻshtirnoqqa ehtiyoj yoʻq. Chunki bu kabi oʻrinlarda ularning sayt, yaʼni elektron manba ekani shundoq ham bilinib turadi:
daryo.uz nashri, kun.uz sayti, gazeta.uz xabar berishicha kabi.
👉 Oʻsha gap: tinish belgilarini jiddiy ehtiyoj boʻlgandagina ishlatish kerak. Hammayoqni qoʻshtirnoqzor qilishdan naf yoʻq.
Masalan:
daryo.uz voqealar rivojini kuzatib boradi.
Bu haqda kun.uz xabar berdi.
Elektron OAV nomi bosh harf bilan yozilishini ham toʻgʻri deb qabul qilish tarafdoriman:
Daryo.uz voqealar rivojini kuzatib boradi.
Bu haqda Kun.uz xabar berdi.
Nega bunday? Garchi OAV nomi domen koʻrinishida berilayotgan boʻlsa-da, nashr oʻz nomini atoqli ot deb hisoblashga haqli.
Konservativ qarash egalariga eslatma: imlo qoidalari alaloqibat odamlarga xizmat qiladi, odamlar qoidalarga emas. Mantiqli qoida yaratish va unga amal qilish kerak xolos.