Tavsifnoma va tavsiyanoma: farqi nimada?

Tavsifnoma va tavsiyanoma: farqi nimada?

Koʻpincha bu ikki hujjat koʻrik-tanlovlar, musobaqalar, reytinglar uchun tayyorlanadi. Ularning bir-biridan farqi bor. “Davlat tilida ish yuritish” kitobiga yuzlanamiz.

Tavsifnoma – maʼlum bir shaxsning mehnat va ijtimoiy faoliyati, shuningdek, uning oʻziga xos xislat va fazilatlarini aks ettiruvchi rasmiy hujjat.

Tavsiyanoma – biror shaxsni maʼlum lavozimga yoki turli tashkilotlarga aʼzo boʻlishi, biror mukofotga sazovor boʻlishi, koʻrik-tanlovda qatnashishi uchun tavsiya etish maqsadida tuziladigan rasmiy hujjat.

Ikkovining chatishma shakli ham bor – tavsifiy tavsiyanoma. U tavsifnoma boʻladi, faqat hujjat oxiridan tavsiya mazmunidagi jumla ham oʻrin oladi.

Tavsifnoma va tavsiyanomalarda maʼlumotlar uchinchi shaxs tilidan yoziladi.

Yuqorida tilga olingan kitobda tavsifnoma muassasa maʼmuriyati yoki jamoat tashkilotlari nomidan yozilishi koʻrsatilgan. Bunday hujjatga shu tashkilotlarning rahbar va mutasaddilari imzo chekadi. Biroq amaliyotda tashkilot nomidan emas, shaxs nomidan yozilgan tavsifnomalar ham uchraydi.

Tavsifnomada shaxsning mehnat faoliyati, shaxsiy xususiyat va fazilatlari va shularga koʻra xulosa beriladi.

Tavsiyanomani
tashkilot nomidan ham, alohida shaxs nomidan ham berilishi mumkin. Tavsiyanoma matnida tavsiya qilinayotgan shaxsning xususiyatlari va u egallaydigan lavozim, oladigan mukofotga munosibligiga ishonch bildiriladi.

Tavsiyanoma tavsifnomaga oʻxshab ketadi, shu sababli ularning koʻpchiligi tavsifiy tavsiyanoma shaklida boʻladi. Yuqoridagi qoʻllanmaga koʻra, ular orasidagi asosiy farq bunday: tavsifnomalarda shaxsning barcha ijobiy, salbiy xususiyatlari qayd qilinadi. Tavsiyanomalarda esa uning ijobiy xususiyatlari koʻrsatilishi bilan birga, keyinchalik uning zimmasiga yuklatiladigan vazifani bajara olishiga ishonch bildiriladi va tavsiya etiladi.

Lekin men shu paytgacha kishining salbiy xususiyatlari koʻrsatilgan tavsifnomani koʻrmaganman.

Tavsifnoma biroz kengroq, hajman kattaroq boʻladi. Tavsiyanoma esa hajman kichikroq, unda mavzuga bevosita aloqador muhim jihatlargina sanab oʻtiladi. Tavsifnomada biror mukofot yoki lavozimga tavsiya qilish haqida gap boʻlmaydi.

Mukofotlar uchun tavsiyanoma oʻrniga taqdimnoma ham berilishi mumkin. U ham shakl va mazmun jihatidan tavsiyanomadek boʻladi.

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube

Muallif haqida

Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.