Emigrant va relokant: oʻzbekchasi bormi?
Emigratsiya – boshqa mamlakatga iqtisodiy, siyosiy, shaxsiy sabablarga koʻra doimiy yashash maqsadida koʻchishdir. Emigrant esa shu maqsadda koʻchgan kishi. Bu ikki soʻz oʻrnini bosuvchi atamalar oʻzbek tilida shu paytgacha qoʻllanib kelgan: muhojirlik va muhojir. Izohli lugʻatga koʻra, muhojir oʻzi fuqaro boʻlib turgan yoki doimiy yashayotgan mamlakatini tashlab, boshqa davlatga doimiy yashash uchun joʻnab ketuvchi kishidir.
Relokatsiya esa yashash yoki ish joyini oʻzgartirishdir. Masalan, bir shaharda tadbirkorlik qiluvchi shaxs oʻz biznesini boshqa joyga koʻchirsa, relokatsiya qilgan boʻladi. Yoki kompaniyalar oʻz malakali xodimlarini boshqa filiallariga joʻnatsa, ular relokantlarga aylanadi. Relokatsiyani oʻzbekchada joy oʻzgartirish, relokantni esa koʻchma ishchi deb atash mumkin.
Urush sababli Rossiyadan koʻchib kelayotgan kishilarni relokantlar deb atash urfga kirdi. Yuqoridagi sharhdan bu soʻz ularga u qadar mos emasligi koʻrinib turibdi. Chunki keluvchilarning koʻpi ish joyini oʻzgartirishni emas, nomaqbul sharoit va muhitdan qochishni maqsad qilgan. Ularni shunchaki xorijliklar yoki qoʻnoqlar deb atagan maʼqul.