Monitor, displey, ekran va tachskrin: farqi nimada?
Bu atamalarni sinonim sifatida ishlatish koʻp uchraydi. Aslida ular bir-biridan farq qiladi.
Monitor – vizual axborotni aks ettirishga xizmat qiluvchi elektron qurilma. U mustaqil ishlay oladi. Uni bir qurilmadan, masalan, kompyuterdan uzib, boshqa qurilmaga ulash mumkin.
Displey ham vizual axborotni aks ettiradi. Biroq u qurilmaning bir qismi xolos. Oʻzi mustaqil ishlamaydi. Alohida holatda qurilmaning detali sanaladi. Masalan, mobil qurilmalar, kalkulyatorlar, elektron soatlar, murakkab elektron dastgohlar displey bilan jihozlangan. Monitorlarda ham displey bor.
Ekran – vizual axborot aks etadigan hudud, sath. Kinoteatr sahnasidagi tasvir koʻrinadigan joy ham ekran sanaladi. Monitor va displey ham ekranga ega. Bunda tasvir hosil qilishda qatnashuvchi qoʻshimcha qism va jihozlar ekran sanalmaydi.
Tachskrin yoki sensorli ekran – teginish orqali axborot kiritishga xizmat qiluvchi qurilma. U monitor yoki displeyning teskarisi, qurilmadan maʼlumot chiqarishga emas, unga maʼlumot kiritishga xizmat qiladi. Baʼzi monitor va displeylar sensorli ekranga ega. Aytgancha, men sensor telefonlarni siypaloq deb atayman 😄. Balki, oʻzbekchada unga boshqa soddaroq ot topsa boʻlar.
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.