Eng qiyin ish
Komillik masalasiga qiziqadigan toʻrt talaba gapirmaslikka kelishib oldi. Chunki ortiqcha soʻzdan tiyilish komillikning eng muhim belgilaridan biri ekanini yaxshi bilishardi-da. Kun boʻyi buning uddasidan chiqishdi. Biroq…
Kech tushib, darsxonadagi moychiroq xiralasha boshladi, oxiri atrofni koʻz ilgʻamaydigan boʻlib qoldi. Shunda talabalardan biri chiday olmay, yotoqxona xodimlariga baqirdi: “Chiroqni tuzatasizlarmi-yoʻqmi!”
Ikkinchi talaba oʻrtogʻi gapirib yuborganidan ajablandi:
– Biz gapirmaslikka kelishgandik-ku, – dedi u.
– Eh, ahmoqlar! – dedi uchinchi talaba. – Nimaga gaplashyapsizlar?
– Birgina men jim oʻtiribman, – dedi gʻurur bilan toʻrtinchi talaba.
Orif Tolib
tayyorladi.
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.