Eng yaxshi dars

Eng yaxshi dars

Bir kuni ustoz va shogird sayrga chiqishdi. Goʻzal tabiat, ochiq havo, kengchilik. Xullas, koʻngil yayraydigan manzara.

Ular sayr qilib yurarkan, shudgor qilingan bir paykal oldidan oʻtishdi. Bir dehqon egat olish bilan band edi. Dala chetiga eski etik va yamoqli kamzul yechib qoʻyilgandi. Ikkalalari ham bu buyumlar kambagʻal dehqonga tegishli ekanini fahmlashdi.

Talaba hazillashgisi kelib:

– Ustoz, anavi kiyimlarni olib, bir joyga berkitib qoʻyaman. Keyin panaga oʻtib, dehqon qanday yoʻl tutishini kuzatamiz. Nima deysiz? – dedi.

– Koʻrganlaringdan zavqlanishni istaysanmi? Unda bunday qila qol. Sen boysan, oʻzingga toʻqsan. Yaxshisi, etiklarga pul solib qoʻy. Keyin panaga oʻtib kuzatamiz, dehqon nima qilarkan?” deb taklif kiritdi ustoz.

Shogird rozi boʻldi. Etikning ikkala poyiga ham bir dastadan pul tiqdi. Soʻng ustoz-shogird chetga oʻtib kuzata boshladi.

Dehqon ishini tugatgach, kiyimlarini kiygani keldi. Etigini oyogʻiga ildi, nimadir tiqilganini sezib, yechib ichiga qaradi. Qaradi-yu, hayratdan dong qotdi – pul! Bir dasta pul! Ikkala etikda ham! Tevarak-atrofga koʻz tashladi, hech kim yoʻq. U oʻzida yoʻq shod edi. Dehqon Yaratganga shukrlar aytdi, choʻk tushib, xotini qattiq xastalanib, oila yoʻqchilikdan qiynalib turgan bir paytda gʻoyibdan koʻmak bergan saxovatli kishini chin dildan duo qildi.

Ustoz shogirdiga qaradi. Uning koʻzlaridan yoshlar quyilardi. Ustoz soʻradi:

– Istagan narsangni oldingmi?

– Albatta! Bu menga bergan darslaringizning eng yaxshisi boʻldi, – dedi shogird.

 

Orif TOLIB tayyorladi.

 

“Hidoyat” jurnalining 2015-yil 5-sonida chop etilgan.

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube