Ernest Heminguey. Oʻttiz toʻqqiz MARTA qayta yozganman!
Ernest Heminguey va Jorj Plimpton suhbati. 1958-yili “The Paris Review” jurnalining 21-sonida bosilgan.
– Ijodiy jarayon haqida soʻzlab bera olasizmi? Qaysi paytda ishlaysiz? Qatʼiy kun tartibiga amal qilasizmi?
– Biror kitob yoki hikoya ustida ishlayotgan paytim tong saharda yozishga oʻtiraman. Qancha erta boʻlsa, shuncha yaxshi.
Bu vaqtda menga hech kim xalal bermaydi, havo ham salqin, baʼzida esa etni junjiktiradigan darajada sovuq boʻladi. Yozayotganimda oʻz-oʻzimdan qizib ketaman. Soʻnggi yozganlarimni qayta oʻqib chiqaman. Odatda, ishni voqealar bundan buyogʻiga qanday rivojlanishi bilgach, toʻxtataman. Keyingi kun xuddi shu joydan davom ettiraman. Yozishga kuchim yetguniga qadar ishlayman. Ishni tugatgach, tonggacha kutaman va keyingi kun yana yozishga kirishaman. Deylik, oltida ish boshlayman. Tushgacha yoki undan sal oʻtib ishni toʻxtataman.
Oʻy-fikrini qogʻozga toʻkib olgan yozuvchi sevgani bilan yaqinlik qilgan kishiga oʻxshab oʻzida bir boʻshash hissini, shu bilan birga qoniqish-koʻngli toʻlish hissini tuyadi. Ertaga yana ishga qaytguniga qadar unga hech nima zarar yetkaza olmaydigandek, hech qanaqa yomon hodisa yuz bermaydigandek, hech narsada maʼno-mazmun qolmagandek tuyuladi. Eng qiyini – ertangi kungacha chidash.
– Oxirgi yozib tugatilgan parchalarga tuzatish kiritasizmi? Yoki asarni tamomlaganingizdan keyingina tahrirga kirishasizmi?
– Har kuni soʻnggi yozganlarimni tahrir qilaman. Asar bitgach esa, uni yana bir qur oʻqib chiqaman. Matnni mashinkada terayotganimda ham u-bu joyga teginishim mumkin. Bundan keyin endi u oqlamaga aylanadi. Oʻzgaritirish kiritish imkoni faqat qoralamada bor. Tahrir uchun shuncha imkoniyat borligiga shukr qilaman.
– Oʻzgartirishlarni koʻp kiritasizmi?
– Bu vaziyatga bogʻliq. “Alvido, qurol!” romanining tugallanish qismini koʻnglim toʻlguniga qadar oʻttiz toʻqqiz MARTA qayta yozganman.
– Yozuvchi boʻlish fikri sizda maʼlum bir shart-sharoit tufayli paydo boʻlganmi?
– Yoʻq, men hamisha yozuvchi boʻlishni orzu qilardim.
– Boshlovchi yozuvchilarga qanday intellektual mashqlarni tavsiya etgan boʻlardingiz?
– Hm… Deylik, yaxshi yoza olmasligini tushundi. Shart borsin-da, oʻzini ossin. Keyin arqonni ayamay qirqib tashlasin va butun umri davomida qoʻlidan kelganicha, kuchi yetganicha yaxshi yozishga oʻzini majburlasin. Hech boʻlmaganda, boshlash uchun unda “osilish” haqidagi voqea, yaʼni material boʻladi.
– Yosh yozuvchilarga gazetada ishlashni tavsiya etgan ekansiz. “Kansas City Star” gazetasidagi ish tajribasi sizga qanchalik foyda bergan?
– “Kansas City Star”da bizni sodda, ravon tilda yozishni oʻrganishga majbur qilishgan. Bu hamma uchun foydali. Gazetada ishlash yosh yozuvchiga hech qanday zarar yetkazmaydi, qaytaga foyda berishi mumkin, agar u vaqtida keta olsa. Bu uncha ishonchli boʻlmagan va siyqasi chiqqan gap. Uni ishlatganim uchun uzr soʻrayman. Lekin kimgadir eski va koʻp chaynalgan savol bersangiz, undan albatta shu xildagi javobni olasiz.
– Koʻp taʼsirlangan, oʻrgangan yozuvchilaringiz qatoriga kimlarni kiritishingiz mumkin?
– Mark Tven, Flober, Stendal, Bax, Turgenev, Tolstoy, Dostoyevskiy, Chexov, Endryu Marvell, Jon Donn, Mopassan, Kiplingning eng yaxshi asarlari, Toro, Frederik Morriyet, Shekspir, Motsart, Kevedo, Dante, Vergiliy, Tintoretto, Bosx, Breygel, Patinye, Goyya, Jotto, Sezann, Van Gog, Gogen, San Xuan de la Kruus, Gongora… Hammasini sanash uchun bir kun ertadan-kechgacha vaqt sarflashim kerak. Bunday qiladigan boʻlsam, hayotim va ijodimga taʼsir koʻrsatgan odamlarni sanash oʻrniga aslida oʻzimda boʻlmagan bilimdonlik bilan maqtanayotganga oʻxshab qolaman. Bu ahmoqona savol emas. Bu aqlli savol, shuning uchun ham juda jiddiy, vijdoning bilan hisoblashishni talab etadi. Yuqoridagi roʻyxatga bir qator rassomlarni ham kiritdim. Chunki ulardan oʻrganganim yozuvchilardan oʻrganganimdan kam emas. Siz albatta, qanday qilib, deb soʻrashingiz mumkin. Buni tushuntirish uchun ham yana bir kun kerak boʻlgan boʻlardi. Yana bir gap: yozuvchi bastakorlardan ham oʻrganadi. Ulardan ohanglar uygʻunligi va rang-barangligini oʻzlashtiradi.
– Kimdir aytgandi: yozuvchi butun ijodi davomida bir yoki ikkitagina gʻoyani talqin etadi. Nima deb oʻylaysiz, siz bir yoki ikkitagina gʻoya bilan yozasizmi?
– Kim aytgan ekan bu gapni? Oʻta beʼmani-ku! Menimcha, shu gapni gapirgan odamda bir yoki ikkitagina gʻoya boʻlgan boʻlsa kerak.
– Boʻpti, savolni boshqacharoq qoʻyamiz. Grem Grin intervyularidan birida bitta kuchli tuygʻu yoki ishtiyoq qator romanlarni tizimga joylashi, birlashtirishi mumkin, degandi. Menimcha, oʻzingiz ham katta adabiyot adolatsizlikka nafrat tuygʻusidan boshlanadi degan gapni aytgandingiz. Nima deb oʻylaysiz, romannavis kuchli bir hissiyot bosimi ostida boʻlishi kerakmi?
– Janob Grinning hukm chiqarish qobiliyati zoʻr, men esa bunaqa iqtidorga ega emasman. Menga qator-qator romanlar, yoki oʻq otgandan keyingi tutun, yoki boʻlmasam gʻozlar galasi haqida umumlashma bir fikr aytish mumkin emasday koʻrinadi. Biroq, umumlashma qilishga urinib koʻraman. Adolat yoki adolatsizlik tuygʻusidan mahrum yozuvchi roman yozgandan koʻra, iqtidorli bolalar maktabiga borib yillik hisobot-toʻplam chiqargani maʼqul. Mening umumlashmam – shu. Tushunarli boʻldimi? Hammasi ochiq-oydin koʻrinib turgan vaziyatda umumlashma qilish judayam oson. Yaxshi yozuvchida yaxshini yomondan, halolni haromdan ajrata oladigan tugʻma, Xudo bergan qobiliyat boʻladi. Uni yozuvchining sehrli quroli deyish mumkin, barcha buyuk yozuvchilar bunday qurolga ega boʻlgan.
– Nihoyat soʻnggi savol. Siz badiiy asarlar muallifi sifatida oʻz sanʼatiningizning vazifalarini nimalarda koʻrasiz? Voqealarni tasvirlashdami yoki ularning sabablarini ochib berishdami?
– Nima sababdan bunga qiziqib qoldingiz? Yozuvchi boʻlgan va boʻlayotgan, maʼlum va hech qachon maʼlum boʻlmaydigan narsalardan tasvir emas, balki ayni damdagidan va atrof-borliqda koʻrinib turganidan koʻra ishonchliroq boshqa bir voqelik yaratadi. Unga goʻyo jon bagʻishlaydi; agar bu ishni yaxshi uddalay olsa, asarga mustahkam sogʻlik va umrguzaronlik ham baxsh etadi. Tushunishimcha, men aynan shuning uchun yozaman, boshqa hech narsa uchun emas. Va albatta hech kim bilmaydigan boshqa sabablar ham bor.
Rus tilidan Orif Tolib tarjimasi
“Kitob dunyosi” gazetasining 2014-yil 15-yanvar (№1) sonida bosilgan.