Esiz: vergul kerakmi yoki yoʻq?
Esiz soʻzi bilan vergul ishlatishda chalkashtiradigan holatlar bor. Qoidasini oʻrganib olsak, qiynalmaymiz.
Vergul kerak:
1 Undov soʻz boʻlib kelganda. Bunda esiz achinish, afsuslanishni bildiradi; attang, afsus soʻzlariga maʼnodosh boʻladi:
Siz uyda ekansiz, bilsam, daftarimni olib kelar ekanman, esizgina.
A. Qahhor, Adabiyot muallimi.
2 Modal soʻz boʻlib kelganda. Bunda esiz soʻzi afsus(ki) maʼnosida keladi:
Alisher! Chindanam shersiz. Buyuk sher. Faqat koʻpdir, esiz, koʻp dushmaningiz.
Uygʻun va I. Sulton, Alisher Navoiy.
Yodingizda boʻlsa, vergul ishlatishning eng asosiy 7️⃣ ta qoidasi ichida modal va undov soʻzlar
ham sanab oʻtilgan edi.
Vergul kerak emas:
Esiz soʻzi uvol, xayf soʻzlariga sinonim boʻlib kelganda:
Esiz shuncha mehnat.
Qoʻshniga bersam – esiz oshim, uyda tursa – sasir oshim.
Maqol.
E, xotinchalish boʻlmay oʻl, esizgina boʻy-bast!
A. Muxtor, Boʻronlarda bordek halovat.
❗️ Oxirgi jumlada vergul esiz soʻzi sababli emas, ikki sodda gapni ajratish uchun qoʻyilyapti.
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.