Eski joʻva: joʻva nima degani?
Nosirjon Oxunovning “Joy nomlari taʼbiri” kitobida Eski joʻvaga shunday taʼrif beriladi:
“Toshkent shahridagi mahallalardan birining nomi.
Tarix fanlari doktori A. Muhammadjonovning yozishicha, joʻva aslida juʼba, yaʼni bozor soʻzidan olingan. Eski joʻva qadimda shu joyda bozor boʻlganidan dalolat beradi.
Darqaqiqat, Eski joʻva bozori Toshkent shahrida eng gavjum, eng katta bozor hisoblangan. 1800-yilgi Eski joʻva bozori haqida maʼlumot yozib qoldirgan rus tadqiqotchisi A. Dobromislov bu yerda 3000 ta doʻkon boʻlganini, rastalar molning xiliga
qarab yonma-yon joylashgani va toʻsiqlar bilan ajratib qoʻyilganini, bozor atrofida 16 ta karvonsaroy mavjudligini qayd etgan”.
Biroq “Oʻrta Osiyo joy nomlari tarixidan” asarida joʻva soʻzi boshqa maʼnoda izohlangan:
“Eski joʻva esa xon arkining chekkasida boʻlib, eskirgan harbiy aslahalar ombori – joʻvaxona edi”. Eskirgan sovut, qalqon, qilich, nayza kabilar joʻba, talaffuzda joʻva deb yuritilgan. Mana shu variant haqiqatga yaqin. Chunki bu maʼlumotni milliy ensiklopediyada jevachi soʻziga berilgan izoh ham tasdiqlaydi. Jevachi, jibachi sovutdor; sovutli askar; temir qurol egasi; qurol-aslaha saqlanadigan maxsus ombor – jevaxona boshqaruvchisi; harbiy yurish vaqtida podshoh va xonning sovut va ogʻir qurol-aslahalarini olib yuradigan kichik mansabdor – jibachigiri kabi maʼnolarni anglatadi. Toshkentdagi qadimgi jevaxona oʻrni Eskijoʻva deb ataladi. Joʻva jeva soʻzining buzib talaffuz etilishidir.
Milliy ensiklopediyada yozilishicha, shahardagi oʻzaro toʻqnashuvlarga aholi ham jalb etilgan. Faqat Eski joʻva bozori betaraf joy hisoblanib, notinchlik vaqtida ham savdo-sotiq davom etgan.
“Oʻzbek tili toponimlarining oʻquv izohli lugʻati”ga koʻra esa Eski joʻva Eski Joʻybor nomining oʻzgargan shaklidir.
Aytgancha, xamir yoyadigan, oʻrta qismi yoʻgʻon oshxona jihozi ham joʻva deyiladi. Lekin uning Eski joʻva toponimiga aloqasi bor-yoʻqligi haqida maʼlumot topolmadim. Bozor yaqinida hozir ham hunarmandchilik rastasi bor va u yerda koʻplab uy-roʻzgʻor buyumlari qatori joʻva ham sotiladi.
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.