Fartuk va galstuk
Bir qarashda maʼnosi bir-biridan ancha uzoq boʻlgan bu ikki soʻz aslida qarindosh.
Fartuk oʻzbek tilida uch xil maʼnoda qoʻllanadi:
1️⃣ Odatda kiyimni iflos qilmaslik uchun uning ustidan kiyiladigan yoki ish paytida belga bogʻlab olinadigan ish kiyimi; peshband.
2️⃣ Oʻquvchi qizlarning rasmiy maktab kiyimi ustidan kiyiladigan oq yoki qora rangdagi yengil kiyimi.
3️⃣ Soʻzlashuv tilida: etak.
Galstuk esa koʻylak yoqasi ostidan oʻtkazib, oldini tugun yoki bant qilib taqiladigan mato, yaʼni boʻyinbogʻdir.
Fartuk rus tiliga nemis tilidan polyak tili orqali XVII asrda oʻtgan. Vortuch nemischada oldga tutilgan mato, etak maʼnosini bildiradi. Vor – old, tuch – mato.
Galstuk rus tilida XVIII asrlardan qoʻllana boshlagan. U dastlab galzduk shakliga ega boʻlgan, chunki holland tilidagi halsdoek shaklidan oʻzlashgan. Biroq keyinchalik nemischa halstuch shaklidan olingan galstux shakli ommalashgan. Vaqt oʻtib, galstux galstukka oʻzgargan. Nemischa halstuch boʻyin matosi, boʻyinbogʻ degan maʼnoni anglatadi. Hals – boʻyin, tuch – mato.
Har ikki soʻz oʻzbekchaga rus tili orqali kirgan.