“Fid-dorayn” nima degani?
Savol:
Alisher Navoiyning “Istangiz” gʻazalida fid-dorayndin soʻzi keladi. Shuning maʼnosi nima?
Javob:
Bu soʻz gʻazaldagi mana bu baytda kelgan:
Eyki, istarsiz savodul vajh fid-dorayndin
Boxabar boʻlmoq – meni yuzi qoroda istangiz.
Navoiy asarlari tilining izohli lugʻatiga koʻra, fid-dorayn soʻzi ikki dunyoda degani. Savodul vajh fid-dorayn iborasi esa ikki dunyoda yuzi qoralikni anglatadi.
Shoir bu misrada agar ikki dunyoda yuzi qora boʻlgan kishini koʻrmoqchi boʻlsangiz, menga qarang, oʻsha odam menman, demoqchi. Bunda oʻzini haqir tutish, gunohlardan xijolat tortish, Haqqa bandalik izhori bor.
🟢 Bu gʻazalni Sherali Joʻrayev maromiga yetkazib kuylagan. Ammo qoʻshiqda ayni shu misralar yoʻq. Koʻpchilik tushunishga qiynalishi hisobga olingan boʻlishi mumkin.