“Krujka”ning oʻzbekchasi nima?
Oxirgi kunlarda shu savolni juda koʻp soʻrashdi. Sababi bor ekan. Shunaqa soʻrovnoma oʻtkazishibdi. Oldinroq javobi ham berilgan ekan: sarxum.
Sarxum soʻzini oldin eshitmagandim. Xorazm shevasiga xos soʻz ekan. Forschadan olingan, lugʻaviy maʼnosi – xumning boshi. Mutaxassislar bu atama dastlab qopqoqli xumlarga nisbatan ishlatilganini taxmin qilgan.
Krujka asli yunonchadan, koʻza maʼnosida. Yunonchadan nemischaga, undan ruschaga va ruschadan oʻzbekchaga oʻzlashgan. Tilimizda metall, chinni yoki plastmassadan yasalgan, stakan shaklidagi dastali idishni anglatadi.
Menimcha, sarxumni krujkaning oʻzbekcha varianti sifatida talqin va targʻib etish toʻgʻri emas. Asli forscha soʻz. Tilimizga singib ketgan forscha soʻzlardan boʻlganida ham boshqa gap edi. Shevada qoʻllanadi xolos. Shuning uchun unga ustunlik berish shart emas. Krujka soʻzini ishlataverish kerak.
Tilimizda eskidan ishlatilgan va koʻpchilikka tanish soʻz bor – finjon. Krujka oʻrnida bemalol ishlatish mumkin. Videoda finjon javobini xato deb qabul qilishibdi. Izohli lugʻat esa bu fikrga qoʻshilmaydi: finjon – dastali (sopli) piyola, chinni krujka.
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.