-gancha: vergul kerakmi yoki yoʻq?
Tilshunoslikka oid kitoblarga koʻra, -cha ravish yasovchi qoʻshimcha sanaladi. Feʼllarga -gan shaklidan soʻng qoʻshiladi: shoshgancha, istagancha, turgancha, qaragancha kabi. Bunda ish-harakatning qay tarzda bajarilishini, oʻxshatilganlik va qiyoslashni anglatadi.
Koʻpincha mana shu -gancha shaklidan keyin vergul ishlatiladi. Lekin bu – xato. Bunday hollarda vergul mutlaqo kerak emas:
Shu payt darvozadan xoʻppa semiz, yuzlari kepchikday, gajakdor satang xotin harsillab-gursillagancha savlat toʻkib kirib keldi.
Gazetadan.
It umbaloq oshib, angillagancha devorga borib urildi.
S. Nurov, Narvon.
Alpinist degancha bor ekan. Yurishning koʻp haddini olgan ekan.
M. Mansurov, Yombi.
Lekin -gancha shaklli ravish kirish soʻzi boʻlib kelsa, vergul qoʻyish kerak. Chunki kirish soʻz vergul talab qiladi:
Aytgancha, bu holatni ham koʻzdan qochirmaslik kerak.
Mavzuga aloqador:
👉 Vergul qachon
ishlatiladi: eng asosiy 7️ ta qoida
👉 Islohtalab qoidalar: -ganda va vergul
👉 Esiz: vergul kerakmi yoki yoʻq?
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.