GPTning biz bilmagan imkoniyatlari

Toʻgʻrisi, ChatGPTning hozirgi imkoniyatlarini faqat matn koʻrinishidagi maʼlumotlar berishdan iborat deb oʻylardim. Unda men bilmaydigan bir dunyo xususiyat bor ekan: rasmlar, audiolar, kodlar, maʼlumotlarni qayta ishlash kabilar.

Sinash uchun oʻzim yozgan kodni joʻnatdim, ixchamlashtirib, qulaylashtirib berdi. Kutganimday emas-u, lekin yomonmas.

Turli dasturlarni ishlatishda chiqadigan xatolik haqidagi xabarlarni ham sunʼiy idrok yordamida oson tushunib olsangiz boʻladi.

Skrinshotni matnga aylantirish uchun telegramdagi botlardan foydalanar edim. Lekin ular 3–4 ta urinishdan keyin pulli talqinni sotib olishni talab etadi. Bu funksiya ChatGPTda bor ekan. Rasmning xira-tiniqligi, shriftiga koʻra oʻgirish aniqligi farqlanadi. Orada bir-ikki xato qilishi mumkin. Ammo ayni shu ishga ixtisoslashgan dastur va botlar ham bunday xatolardan xoli emas. ChatGPTning afzalligi bor: u skrinshotni biryoʻla boshqa tilga tarjima qilib bera oladi. Masalan, skrinshotdagi oʻzbekcha matnni ruschaga oʻgirish topshirigʻini berasiz. Ham oʻzbekcha, ham ruscha variant taqdim etiladi. Bu imkoniyat boshqa tillar uchun ham amal qiladi.

QR kod yasash, ovozlarni ulash, PDF fayllarni ajratish-birlashtirish, matnlarni formatlash, xarita koordinatalarini tushunish va topish, Excel va unga oʻxshash dasturlar uchun formulalar ishlash, skriptlar yozish va hokazo imkoniyatlardan foydalanishingiz mumkin.

 

Ruscha biladiganlar uchun videodars havolasini qoldiraman:

👉 youtu.be/wmAtYt_ItLw

 

Zamon bilan hamnafas boʻling. Sunʼiy idrok imkoniyatlaridan samarali foydalaning.

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube

Muallif haqida

Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, ilmiy-ommabop, adabiy-tahliliy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.