Musulmon gʻisht va nikolay gʻisht
Savol:
Oʻtkir Hoshimovning “Urushning soʻnggi qurboni” hikoyasida yapaloq musulmon gʻisht iborasiga duch keldim. U nimani anglatadi?
Javob:
Musulmon gʻisht oʻtmishda yurtimizda ishlatilgan gʻisht turidir. Milliy ensiklopediyaga koʻra, u kvadrat shaklda boʻlgan – boʻyi va eni 24 santimetr. Qalinligi esa 5 santimetr. XIX asrning ikkinchi yarmidan qurilishda toʻrtburchak shaklli gʻishtlardan ham foydalanila boshlagan. Ular nikolay gʻisht deb atalgan.
Hozirgi pishiq gʻishtlarning oʻlchami har ikki gʻisht turidan farq qiladi. Musulmon gʻisht va nikolay gʻisht bugun ham bor, lekin uy koʻtarishda ishlatilmaydi. Musulmon gʻishtlar koʻproq yoʻlaklarga terilsa, nikolay gʻishtlardan oʻchoqlar qurishda foydalaniladi.
Nikolay gʻisht iborasida Nikolay ismi turdosh otga aylanib ketgani uchun kichik harfda yozish kerak.
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.