Grafomaniya – yozish kasali
Izzat Sultonning “Adabiyot nazariyasi” kitobini oʻqiyotib ajoyib bir maʼlumotga duch keldim. Olim Alisher Navoiy, Onore Balzak, Lev Tolstoy, Maksim Gorkiy, Rabindranath Thakur kabi yozuvchilarning sermahsulligi, ulkan meros qoldirganini taʼkidlar ekan, nosogʻlom sermahsullik haqida ham toʻxtalib oʻtadi va “Daroz Firdavsiy” nomi bilan mashhr boʻlgan bir eʼjodkorni misol keltiradi.
Toʻgʻrisi, yozish kasaliga mubtalo boʻlgan kishilarni oʻzim ham hayotda koʻp koʻrganman. Bu kasallikning turli koʻrinishlari bor: ayrimlar koʻp yozadi va yozgani boʻsh ekanini ham biladi – bezararroq shakli; koʻp yozadi va yozmishlari shedevr ekanini daʼvo qiladi – ogʻir shakli; pensiyaga chiqqach yoki ijodkor shuhratiga mahliyolik natijasida birdan yozishni boshlaydi, bir nechalab kitob chiqaradi va tahririyatlarga borganda ana shu chiqargan kitoblarini pisanda qiladi va hokazo. Uyalmasdan “Oʻzbek sheʼriyatda Erkin Vohidov, Abdulla Oripov yaxshi ijod qilishdi. Mana, ulardan keyin men ketyapman”, deydiganlari ham bor.
Xullas, yozish kasaliga chalinganlar tarixda ham boʻlgan ekan. Izzat Sulton domla bunga shunday misol keltiradi:
“Adabiyotda nosogʻlom sermahsullik ham uchraydiki, uni haqiqiy sanʼatkorning jiddiy ijodiy ishidan farq etish kerak. Baʼzi kishilar talant sohibi boʻlmasalar ham, havaskorlik yoki shuhratparastlik oqibatida adabiyotga kirib qoladilar. Bunday kishilar koʻpincha toʻxtovsiz yozish tashnaligiga mubtalo boʻlib, asar ustiga asar yoza beradilar. Bu – ruhiy xastalikning bir turi hisoblanadi va grafomaniya deb ataladi (yunoncha “grafo” – yozish va “maniya” – ehtiros, telbalik soʻzlaridan yasalgan).
“Kratkaya lit. ensiklopediya”da toʻgʻri koʻrsatilganidek, grafomaniya odatda yozuvchi mehnatining yengilligi va hammaning qoʻlidan keladigan ish ekanligi haqidagi notoʻgʻri tasavvurlar zaminida, shuningdek, kishining oʻz ijodiy qobiliyatiga ortiqcha baho berishi natijasida paydo boʻladi. Grafomaniya sharoit, masalan, asarni bosib chiqarish borasida cheksiz imkoniyatlar mavjudligi natijasida ham roʻyobga chiqadi. XIX asrda Rossiyada graf D. I. Xvostov oʻzining grafomanligi bilan mashhur edi.
Oʻrta Osiyoda oʻrta asrlarda shoirlik daʼvo etuvchi bir isteʼdodsiz kishi Firdavsiyning “Shohnoma”sidan ham uzun, ammo bemaza asar yaratib, “Daroz Firdavsiy” degan kulgili nom bilan mashhur boʻlgan va zamona shohiga hajviya yozib (xuddi Firdavsiy Mahmud Gʻaznaviyga hajviya yozganidek), shoh uni taʼqib etmasa ham, qochib, yashirinib yurgan edi…
Grafomaniya baʼzan professional yozuvchining asarida uslubning nuqsonlaridan biri sifatida namoyon boʻladi: talantli yozuvchi sanʼaning majburiy talablaridan biri boʻlgan qisqalikdan chekinib, “ezmalanishi” ham grafomaniyaning bir koʻrinishidir”.
Uvol tushunchasi har sohada kerak boʻlganidek, adabiyotda ham juda zarur. Behuda sarflangan vaqt, mablagʻ va soʻzning javobgarligi bor. Buni qoʻliga qalam olgan har bir kishi, hatto professional ijodkor ham yodda tutishi zarur, deb oʻylayman.
Orif Tolib
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.