“Hadis” soʻzining boshqa bir maʼnosi

“Hadis” soʻzining boshqa bir maʼnosi

Koʻpchiligimiz hadis soʻzining maʼnosini bilamiz – Paygʻambarimiz Muhammad alayhissalomning faoliyati va koʻrsatmalari haqida rivoyatlar majmui, u kishining turli sharoitlarda shariat ahkomlariga oid aytgan soʻzlari hadisdir.

Lekin oʻzbek tilida yuqoridagi soʻzga omonim boʻlgan boshqa bir hadis soʻzi ham bor. U oʻzbekchada quyidagi maʼnolarni ifoda etadi:

 

1️⃣ Kurash, bellashuv kabilarda qoʻllanadigan oʻziga xos usul.

 

Polvonlarning kurash hadislarining oʻz nomi bor.

Sh. Xolmirzayev, “Togʻlarga qor tushdi”.

 

2️⃣ Biror ishni uddalashga boʻlgan ep; malaka, mahorat. Bu maʼnoda qoʻllash asosan soʻzlashuv tiliga xos.

 

Qozogʻistonlik polvonning hadisi ancha zoʻr ekan, – dedi Toʻlamat moʻylov.

S. Anorboyev, “Oqsoy”.

 

Shu soʻzdan hosil boʻlgan hadis olmoq iborasi biror usulni qoʻllashga chogʻlanishni bildiradi:

 

Bu endigi savolning debochasi ekanini sinashta boʻlib qolgan Shohgado darrov payqadi. Hadis olgan polvondek hozirlik koʻrib turdi.

Shuhrat, “Jannat qidirganlar”.

 

Hadis qilmoq iborasi esa usul ishlatish, biror usulni yoki usullarni mashq qilishni anglatadi. Bu ibora hozir eskirgan, deyarli ishlatilmaydi:

 

Ular
[pahlavonlar] bir-birlarini sinash uchun hadis qilib, uzoq aylanib yurdilar
.

M. Osim, “Ajdodlarimiz qissasi”.

 

Hadisini olmoq iborasi tilda faol. U biror ish, kasb-hunarni, uning yoʻl-yoʻrigʻi, usulini yaxshi egallash, mashqini olish demakdir.

 

Oʻz kasbining hadisini olgan haydovchi qiy-chuvga parvo qilmay, tanga-chaqa sanaydi.

Q. Kenja, “Notanish gul”.

 

U yoʻliga gʻov boʻlganlarni turli yoʻllar bilan tinchitishning hadisini olgan.

N. Qobil, “Unutilgan sohillar”.

 

Etimologik lugʻatga koʻra, bu soʻz arabcha hads(un) soʻzidan. U oʻyladi, ehtimol qildi maʼnosini anglatuvchi hadasa feʼlidan yasalgan va asliyatda fahmlash degan maʼnoni anglatadi. Oʻzbek tiliga hads soʻzi ds undoshlari orasiga i unlisini qoʻshib qabul qilingan.

 

Orif Tolib

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube