Halollik yoʻli
2012-yilning dekabr oyida Ispaniyaning Navarra viloyatida yengil atletika boʻyicha muhim musobaqa boʻlib oʻtdi. Yutuqqa katta mukofot qoʻyilgan, poygada dunyoning yetakchi sport ustalari qatnashardi. Ular orasida Londonda oʻtgan Olimpiada oʻyinlarining 3000 metrga toʻsiqlar osha yugurish boʻyicha bronza medali sohibi keniyalik Abul Mutoi ham bor edi. U bu galgi poygada yetakchi boʻldi, hammadan oʻzib ketdi. Biroq marraga oʻn metrcha qolganda toʻxtab qoldi. Keniyalik atlet marra chizigʻini kesib oʻtdim degan yanglish xulosaga kelgan edi. Mutoi tomoshabinlarga qarab qarsak chalar, yutugʻidan xursand edi. Odamlar unga ispanchalab bir nimalar der, oʻn metr nariga ishora qilar, biroq u hech narsani anglamasdi.
Ikkinchi boʻlib kelgan ispaniyalik poygachi Fernandes Anayya uni bemalol ortda qoldirib oʻtishi va sovrindor boʻlishi mumkin edi. Biroq u raqibining xatosidan foydalanib qolish oʻrniga yelkasidan turtib, olgʻa yurishga chorladi. Oʻn metr naridagi finishni qoʻli bilan koʻrsatib, tushuntirdi. Ispaniyalik sportchi shundoq qoʻlga kiray deb turgan gʻoliblikdan voz kechdi, keniyalik raqibini marragacha olib keldi, undan keyingina chiziqni bosib oʻtdi.
Musobaqadan soʻng Fernandes Anayyani savolga tutishdi:
– Nahotki gʻolib boʻlishni istamadingiz?
5000 metrga yugurish boʻyicha Ispaniya chempioni boʻlgan Anayya shunday javob berdi:
– Yoʻq, men gʻoliblikni juda xohlagan edim. Ammo sovringa qoʻshib Ispaniya termasi tarkibida Yevropa chempionatida qatnashish imkonini berganlarida ham, shu yoʻlni tutgan boʻlardim. Men gʻalabaga loyiq darajada yugura olmadim. Agar raqibim xato qilmaganida, unga yeta olmasdim. Men uchun sovrindor boʻlishdan koʻra shaʼnimni saqlab qolish afzal. Odamlar juda koʻp hollarda xato yoʻlni tanlaydi, axloqi tuban ekanini koʻrsatib qoʻyadi. Men bunday yoʻl tutmaganimdan, halollik yoʻlini tanlaganimdan mamnunman.
Orif TOLIB
tayyorladi.
“Hidoyat” jurnalining 2015-yil 9-sonida chop etilgan.