“Hammasiga shukr qilaman…”

“Hammasiga shukr qilaman…”

Mening bir dugonam bor. Boshiga ketma-ket musibatlar tushdi: oldin eri olamdan oʻtdi, keyin oʻzi ikki MARTA avtohalokatga uchradi. Natijada xastalandi. Bir necha bor yanglish tashxis qoʻygan doʻxtirlar nihoyat oxirgi va aniq xulosani aytdi: dugonamning bosh miyasida oʻsma bor ekan…

Doʻxtirlar kasalga aniq tashxis qoʻyolmay yurgan vaqtlarda oʻsma rivojlanib, bosh miya toʻqimalariga yetib boribdi. Bu juda jiddiy holat edi. Shunday boʻlsa-da, dugonam umidsizlikka tushmadi, oʻzini tezda qoʻlga oldi. Axir uning hali voyaga yetmagan bolalari bor, ayniqsa kenjasi goʻdak yoshida. Biroq baʼzida mustahkam irodamiz va qatʼiyatimiz bizga bogʻliq boʻlmagan narsalar qarshisida ojiz qoladi…

Shunday qilib, uning miyasi ikki MARTA “oʻchib qoldi”. Doʻxtirlar dugonamga “yaratiqlar jumbogʻi” deb nom berishdi. Chunki shu paytgacha sogʻ-omon yurganiga aqllari hayron. U katta yoʻlni kesib oʻtayotib, oʻrtada tek qotib toʻxtab qolishi mumkin. Oʻziga qarab kelayotgan mashinani koʻrib-bilib turadi, biroq joyidan jilmaydi. Sababi maʼlum – miya oyoqlarga kerakli buyruqni bermaydi… Gohida esa oʻz bolalarini tanimay qoladi. Chunki miyaning xotirani taʼminlaydigan qobigʻi shikastlangan, shu bois tez-tez xotirasini yoʻqotib turadi. “Ochiq koʻz bilan yurish juda qiyin, koʻzlarimni hamisha yumib yurgim keladi”, deydi u. Dugonamning qoqsuyak boʻlib qolgan tanasi esa yeyish-ichishidan ham maza ketganini koʻrsatadi. Oʻzining aytishicha, bir qultum suv ichish unga koni azob. Dori-darmon olganidan keyingina sal tetik his etarkan oʻzini.

Dugonam yana koʻp narsalarni gapirib berdi. Garchi achinayotganimni undan yashirishga urinayotgan boʻlsam-da, butun vujudimni alamli bir iztirob qoplab olgan, ana shu iztirob oʻtkir tirnoqli qoʻllari bilan yuragimni ezgʻilar va bu yuz-koʻzimda ozmi-koʻpmi zohir edi. Ana shu damlarda uni qoʻllab-quvvatlashni judayam istadim. Yaratgan bandalariga turli-tuman koʻrgilik va qiyinchiliklarni yoʻllab sinashini va Alloh taolo ularga chiroyli sabr etganlar bilan birga boʻlishini aytgim keldi. Biroq u bunga oʻrin qoldirmadi, xuddi oʻy-xayollarimni oʻqib turganday: “Mendan ham ogʻirroq ahvolga tushganlar bor. Alloh peshonamga nimani yozgan boʻlsa, hammasiga shukr qilaman”, dedi dugonam. Ayni shu damda Tangri taolo uni menga yaxshi gap-soʻzlar bilan tinchlantirishim uchun yoʻllamaganini, aksincha, bu uchrashuv imonimni mustahkamlashim uchun bir ishora-sabab boʻlganini anglab yetdim. Chunki soʻnggi paytlarda bu masalaga unchalik ham etibor bermayotgan edim-da…

Yaratgan menga tortiq etgan behisob neʼmatlar shukrini ado etmayotgan edim. Boriga qanoat qilmagan, itoatni unutgan chogʻlarimizda Alloh bizga biror insonni yoki voqeani ibrat qilib qoʻyadi. Eng muhimi, ana shu belgi-ishoralarni anglay bilishimiz va Oʻziga maqbul boʻladigan shaklda – samimiy, chin dildan tavba qilishimiz zarur.

 

Zaynab Sabanayeva

 

Rus tilidan Orif Tolib tarjimasi

 


“Irfon” taqvimi (2014-yil 2-chorak)da chop etilgan.


 

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube

Muallif haqida

Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.