Hayot
Hayot, hayot… Doimiy gʻolib,
Usullari koʻhna va yangi.
Yuragimga tushovlar solib,
Asabimga niqtar uzangi.
Ana, singlim dalada yurar,
Choʻgʻni bosib chopadi ketmon.
Paykallarda kezib oʻt terar,
Avji tushda toʻplaydi somon.
Nozik qoʻllar boylaydi qadoq,
Men bu holga qaraydirman jim.
Kundan-kunga qoʻlim nozikroq
Va dagʻalroq tortadi koʻnglim.
Bunday paytda bari – bir chaqa,
Bunday dardga bir hamdaming yoʻq.
Ilojsizlik, ranging qanaqa!?
Tutib ezay desam duming yoʻq.
Tirikchilik – olgʻir kissavur
Choʻntagimni bearmon shilar.
Qoʻyib bersam endi bahuzur
Yuragimga tushmoqchi boʻlar.
Hayot, hayot… Ey gʻirrom gʻolib,
Shu holimga kulib turibsan.
Boʻldi endi, endi tamom deb,
Tiz choʻkar deb kutib yuribsan.
Bari yaxshi boʻladi bir kun,
Oʻnglanadi bir kun hammasi.
Yuviladi yuragimdan xun,
Oʻchib ketar bu gʻam tamgʻasi.
Sen hozir kul bagʻrimni choʻqib,
Koʻzlarimga toʻldir mayli qum.
Samandardek oʻtdan sogʻ chiqib,
Seni tinmay yengadi ruhim!
Orif Tolib
2011
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.