Hijriy-shamsiy yil hisobi

Hijriy-shamsiy yil hisobi

Bu yil hisobi quyoshning yillik harakat sikliga qarab belgilanadi. Davomiyligi Grigoriy kalendaridagi kabi 365 yoki 366 kundan iborat. Yil 22-martdan boshlanadi, keyingi yil boshlari esa 20, 21 yoki 22-martga toʻgʻri keladi.

Quyoshning Yer atrofida yillik koʻrinma aylanish davri tropik yil hisoblanadi. Ushbu yil Quyosh kalendarini tuzishda asos qilib olinadi va u shamsiy taqvim (quyosh taqvimi) deyiladi. Shamsiya soʻzi arabcha shams – quyosh soʻzidan.

Shamsiya yili quyidagi oylardan iborat: hut, hamal, savr, javzo, saraton, asad, sunbula, mezon, aqrab, qavs, jady, dalv. Bu oylar doimo yilning maʼlum bir vaqtlarida keladi.

Milliy ensiklopediyaga koʻra, Eronda hijriy-qamariy taqvim bilan bir paytda hijriy-shamsiy taqvim ham qoʻllanadi. Unda xronologiya hijrat kunidan boshlanadi, ammo yil uzunligi quyosh kalendari boʻyicha hisoblanadi. Yil boshi sifatida bahorgi tengkunlik – Navroʻz kuni olingan, oylar esa burjlar bilan deyarli ustma-ust tushadi.

Ayrim Sharq mamlakatlarida ham yil, ham oy asosiy birlik boʻlgan oy-quyosh kalendarlari qoʻllanadi. Kalendar tarixida Umar Xayyom taklif qilgan islohot ham ahamiyatga molik. U oʻsha davrda amalda boʻlgan kalendarlar bilan tanishib, ulardagi kamchiliklardan xoli boʻlgan quyosh kalendarini ishlab chiqqan. Ushbu taqvim saljuqiylar sultoni Jaloliddin Malikshoh tomonidan joriy ham qilingan (Yuliy kalendari boʻyicha 1079-yil 15-martda). Ammo sulton vafotidan (1092-yil) keyin amal qilinmay qolib ketgan.

Oʻrta Osiyoda yangi uslub, yaʼni Grigoriy kalendari keng ommalashgunga qadar qamariya hisobi ham, shamsiya hisobi ham ishlatib kelingan. Shamsiya hisobi boʻyicha yilning dastlabki kunlarida Navroʻz bayrami oʻtkazilgan.

 

 

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube