Daraxt va buta

Daraxt va buta

Daraxt fors tilidan olingan, asliyatda ham oʻzbekchadagi kabi maʼnoda ishlatiladi. Tana qoʻyib, shox va novdalar chiqarib, tomir otib oʻsadigan koʻp yillik oʻsimlik daraxtdir:

 

Mevali daraxt. Mevasiz daraxt. Olma daraxti.

 

Daraxt shoxlarida iliq tomchilardan seskanib uygʻongan goʻdak kurtaklar tabassum qiladi.

Oʻ. Hoshimov, Qalbingga quloq sol.

 

Buta soʻzi ham fors tilidan olingan. Asliyatda buta, butazor; naqsh, rasm maʼnolarini beradi. Oʻzbek tilida ham shunga yaqin maʼnolarda qoʻllanadi:

 

1️⃣ Tagidan shoxlab oʻsadigan mayda pastak daraxt.

 

Toʻngak orqasidan quloqlari dikkaygan quyon paydo boʻldi-da, koptokdek sakrab, butalar orasiga yashirindi.

Oybek, Quyosh qoraymas.

 

2️⃣
Koʻchma maʼnoda:
oʻzbek xalq amaliy sanʼatida koʻpincha bir tutam oʻsimlik gulini ifoda etuvchi naqsh.

 

Daraxt soʻzining sof oʻzbekcha, turkiycha muqobili – ogʻoch. Lekin bu soʻz asosan kitobiy tilda ishlatiladi. Ogʻoch oʻzgarib, bugungi tilda yogʻoch soʻziga aylangan. Yogʻoch daraxtning kesilgan tanasini anglatadi.

Terak – daraxt, anor esa – buta. Daraxt va butaning farqini tabiiy fan mutaxassislari soddaroq tarzda bunday tushuntiradi:

 

Daraxt – bitta yoʻgʻon yogʻoch poyali oʻsimlik.

Buta – bir nechta yogʻoch poyali oʻsimlik.

Oʻt – yashil poyali oʻsimlik.

 

Turli ekinlarda, masalan, makkajoʻxorida ham poya bor. Lekin oʻt-oʻsimliklarning daraxt va butalardan tuzilishi boʻyicha aniq ajralib turuvchi farqi bor – poyasi yogʻoch boʻlmaydi.

 

Orif Tolib

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube

Muallif haqida

Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.