Hisobraqammi yo hisob raqam?

Hisobraqammi yo hisob raqam?

Hozirgi zamonda bankka ishi tushmaydigan odam topilmasa kerak. Plastik kartangiz bormi, demak, bankda hisob raqamingiz ham bor.

Hisobraqam, hisobvaraq soʻzlari koʻp ishlatiladi. Lekin bu soʻzlarning hech biri na izohli lugʻatga, na imlo lugʻatga kiritilibdi.
Milliy ensiklopediyada ham izohlanmagan.

Balki bunga bank tizimida ish yuritish hali-hamon davlat tilida toʻliq yoʻlga qoʻyilmagani sababdir.

Lugʻatda yoʻq boʻlsa-da, soʻz yoki birikma bor. Uni qanday yozish masalasini hal qilish kerak. Odatda lugʻatlardan javob topolmagan paytlarim qiyos va mantiqqa murojaat etaman. Hozir ham shu yoʻldan boramiz.

Tilimizda ikkala qismi ot soʻz turkumiga mansub qoʻshma soʻzlar bor. Ular bitta tushunchani ifoda etadi va qoʻshib yoziladi. Masalan, molbozor soʻzi. Lekin bu soʻzga egalik qoʻshimchasi qoʻshilsa, ajratib yoziladi:

 

Molbozorga bordim ➡️ Mol bozoriga bordim.

 

Lekin har qanday ot+ot shaklidagi qoʻshma otlar egalik qoʻshimchasi qoʻshilsa, ajratib yozilavermaydi. Masalan, bilaguzuk, koʻzoynak, tomorqa soʻzlariga egalik qoʻshimchasi qoʻshilsa-da, ajratib yozilmaydi: bilaguzuging, koʻzoynagim, tomorqasi.

Ajratib yozish hali yaxlit soʻz sifatida juda urfga kirmagan qoʻshma soʻzlarda kuzatiladi. Hisobraqam, hisobvaraq soʻzlari bilan ham shu holat. Ular egalik qoʻshimchasisiz boʻlsa – qoʻshib, egalik qoʻshimchasi olsa – ajratib yozish kerak:

 

Bankdagi hisobraqam, hisobvaraqni toʻldiring ➡️ Bank hisob raqami, hisob varagʻini toʻldiring.

 

Garchi alohida soʻz sifatida sharhlanmagan boʻlsa-da, milliy ensiklopediyada shu soʻzlar ishtirok etgan jumlalar bor. Ularda soʻzlar baʼzan qoʻshib, baʼzan ajratib yozilgan. Lekin aniq prinsip yoʻq. Bir xil holatda ikki xil imlo tanlangan oʻrinlar bor.

Izohli lugʻatda hisob varaqasi degan birikmaga koʻzim tushdi, xolos. Birikma ajratib yozilgan.

 

Turli ikkilanishlar, tushunmovchiliklar paydo boʻlmasligi uchun bu soʻzlar lugʻatlarga kiritilishi, lugʻatga kiritilgan qoʻshma otlar egalik qoʻshimchasini olsa-da, qoʻshib yozilishi imlo qoidalarida aniq koʻrsatib qoʻyilishi kerak. Shunda turli lugʻatlar va ensiklopediyalarning oʻzida ham chalkashliklarga yoʻl qoʻyilmaydi.

Hozircha bunday qoida yoʻq. Odatga va shaxsiy tanlovga koʻra, xulosa qilib turamiz.

 

📌  Demak:

Hisobraqamlar roʻyxati, hisobvaraqlarni joʻnatish, hisob raqamlari roʻyxati, mijozlarning hisob varaqlarini joʻnatish ✅

Hisobraqamlari roʻyxati, hisobvaraqlarini joʻnatish ❌

 

Orif Tolib

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube