Hokimiyatmi yoki hokimlik?

Hokimiyatmi yoki hokimlik?

Viloyat, shahar va tumanlarning boshqaruv organlari hokimlik deb nomlanadi. Maʼno-mazmun jihatidan shunday. Lekin buning huquqiy asosi bormi, qonunlarda nima deyilgan?

“Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi qonunga koʻra, hokimlik mahalliy ijroiya hokimiyati organidir. Hokimlik mansub boʻlgan tizim esa ijro hokimiyatidir.

Vazirlar Mahkamasining “Viloyatlar, shaharlar va tumanlar hokimliklari boshqaruv apparatlari toʻgʻrisidagi namunaviy nizomlarni tasdiqlash haqida”gi qarori, “Viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklarining boshqaruv apparatlari toʻgʻrisida”gi namunaviy nizomda ham mahalliy ijroiya organi nomi hokimlik deb berilgan.

Milliy qonunchilik bazasida asosan hokimlik soʻzi ishlatilgan. Lekin viloyat hokimiyati, shahar hokimiyati kabi iboralar qoʻllangan oʻrinlar ham bor. Hatto hokimliklar huzuridagi baʼzi davlat tashkilotlari nomida ham hokimiyat soʻzi ishlatilgan ekan.

Rasmiy hujjatlarda atamalarni turlicha ishlatmaslik, soʻz qoʻllash va imloda xilmaxillikka yoʻl qoʻymaslik afzalligi haqida oldin ham aytib oʻtgan edik. Bu fikr yuqoridagi misolga ham tegishli.

Yaxshi ishning kechi yoʻq. Organ, tashkilot maʼnosida ishlatilgan barcha oʻrinlarda hokimiyat soʻzi hokimlikka almashtirib qoʻyilsa, mazmunan toʻgʻri va qonunga mos boʻlardi.

 

Orif Tolib

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube