“Hoyu havas” – aslida xato

“Hoyu havas” – aslida xato

X va h borasida hatto lugʻat tuzuvchi mutaxassislar ham adashib turishi haqida aytgan edim. Hoyu havas soʻzida ham xuddi shu holatni kuzatishimiz mumkin. Lugʻatlarga bir xilda hoyu havas shaklida kirgani uchun soʻzning shu shakli soʻrovnomada toʻgʻri deb olingan. Aslida bu shaklda yozish xato. Xatolik birikmaning birinchi qismida – hoyu soʻzida. Nega?

Dastlab bu soʻzning maʼnosi nima ekanini bilib olamiz. Xo soʻzi forschadan olingan boʻlib, asliyatda xohlovchi, istovchi; istak, niyat maʼnolarini anglatadi. Istamoq maʼnosi bildiruvchi xostan feʼlidan yasalgan. Xoh, xohish, xohlamoq soʻzlari ayni shu oʻzakdan. Bu soʻzlarning barchasida x harfi qoʻllangani holda, negadir hoyu havasda h harfi ishlatilgan.

Balki, boshida lugʻatlarga kiritishda xato qilingan-u, bu yanglishlik bugungacha saqlanib kelayotgandir. Chunki 1976-yilgi imlo lugʻat va izohli lugʻatga aynan shunday h li shaklda kiritilgan.

1995, 2013-yildagi lugʻatlarda esa bu soʻz yoʻq. Holbuki, bu ibora tilda koʻp ishlatiladi.

Izohli lugʻatning 2020-yilgi nashrini ham qarab koʻrdim, xato holicha turibdi.

Asliyatda xostan feʼlida xe harfi ishlatilgan va bu harf oʻzbek imlosida barcha holatlarda x shaklida yoziladi.

Bu birikmani xoyi havas koʻrinishida, forsiy izofa bilan qoʻllash ham xato. Bunda havasning xohishi degan mantiqsiz maʼno hosil boʻlib qoladi. Xoyu havas istak va havaslar degan maʼnoni anglatadi. Shu shaklda maʼno toʻgʻri, mantiqli ifodalanadi.

Bilmadim, ehtimol, hoyu havas keyingi nashrlarda xoyu havas qilib tuzatilar. Yoki bu endi gʻalati mashhurga aylandi deb hisoblasharmikan lugʻatshunoslarimiz? Menimcha, bu gʻalati mashhurga mos holat emas.

 

📌 Demak:

Xoyu havas ✅

 

Orif Tolib

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube