Iksmi yoki eks?

Iksmi yoki eks?

Matematikadagi x belgisini eks tarzida talaffuz etish uchrab turadi. Talaffuzdagi xato baʼzan yozuvga ham koʻchib oʻtishi mumkin. Belgi nomining toʻgʻrisi – iks.

 

Iks soʻzi oʻzbek tilida ikki xil maʼnoni anglatadi:

 

1️⃣ Lotin alifbosida oxiridan uchinchi harf – x ning nomi.

2️⃣ Matematikada: shu harf bilan ifodalangan nomaʼlum miqdor.

 

Iks soʻzi matematikadan boshqa fanlarda ham ishlatiladi. Masalan, fizikada rentgen nurlari iks-nurlar deb ham ataladi.

 

Iks soʻzining qiziq tarixi bor.

Nomaʼlum miqdorni harf bilan ifodalashni arab matematik olimlari fanga olib kirgan. Ular buni arabcha shay (شيء) – hech narsa soʻzining bosh harfi – shin (ش) bilan ifodalaganlar.

Arab tilidagi asarlarni oʻz tiliga oʻgirgan ispan olimlari shin harfini yozuvda ifodalashda qiynalganlar. Chunki ispanchada sh boʻlmagan. Shu sababli uning oʻrniga yunoncha xi harfini olganlar. Keyinchalik bu asarlar ispanchadan Yevropaning boshqa tillariga tarjima qilingach, yunoncha xi lotincha x ga almashtirilgan. Lotincha x harfi iks deb nomlanadi. Aynan shu belgi va nom fanda ommalashgan.

Harf ingliz tilida eks deb ataladi. Lekin oʻzbekchada matematika va boshqa fanlarda lotincha harf nomi – iks qoʻllanadi. Amaldagi oʻzbek lotin alifbosida esa bu harf xa deb nomlangan.

X belgisi rim
raqami
sifatida 10 sonini anglatadi.

 

Orif Tolib

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube