Soʻzga aylangan savdo belgilari – gʻaroyib kechmishga ega 10 ta soʻz
Odamlar yangi tushunchalarga koʻpincha oʻziga maʼqul shaklda ot qoʻyib oladi. Bu nomlar vaqtlar oʻtib meʼyorga aylanishi, adabiy tilga koʻchib oʻtishi mumkin. Gohida esa maʼlum doirada qoʻllanib, ommalashmay qolib ketadi. Shunday soʻz yasash usullaridan biri – narsa-buyumlarga savdo belgilarining nomini berish. Bu holat dunyo tillarida uchrab turadi. “Daryo” kolumnisti Orif Tolib bugun ana shunday soʻzlarning baʼzilarini sharhlaydi.
Tefal aslida elektr choynak emas
Elektr choynakni tefal deb ataymiz. “Tefalda suv qaynat”, “Tefaldagi suvni olib kel”, “Iliq suv kerak boʻlsa, tefalda bor” kabi jumlalarni ishlatamiz.
Bu soʻz aslida elektr choynak maʼnosini bermaydi, u xalqaro brend, savdo belgisi. Bu belgi ostida faqat elektr choynaklar emas, turli maishiy uskunalar va idishlar ishlab chiqariladi. Lekin elektr choynakka xalq tilida shunday nom berilgan. Nega? Ikkita taxmin bor: yo ichki bozorga ilk bor shu yorliqdagi suvqaynatar choynaklar olib kirilgan, yo ommalashish bosqichida ayni shu brend boshqalaridan sifati va narxi bilan ustun boʻlgan, koʻpchilikka maʼqul kelgan. Natijada odamlar elektr choynaklarni shu savdo belgisi nomi bilan atay boshlagan.
Tefalni oʻzbekchada chovgum, choydish deb atash mumkin. Toʻgʻri, ishlash uslubi oʻzgargan, lekin mohiyat oʻzgarmagan.
Suvqozon desa boʻlmaydimi?
Hammom qozonlari – boylerda ham shunga oʻxshash vaziyat: ularga ariston deb nom berilgan. Aslida ariston ham savdo belgisi. Bugun soʻzlashuv tilida boshqa rusumdagi suvqozonlar ham ariston deyiladi. Bu soʻz elektr va gazda ishlaydigan suv isitkichlarga birday ishlatilaveradi. Ikki konturli isitish qozonlariga ham shunday ot qoʻyganmiz.
Hammom qozoni deyish aytishga qiyin, shu sabab oddiyroq variant – ariston maʼqul koʻrilgan. Xalq tili soddalikni yoqtiradi.
Oʻzbek tili bilan bir oiladan joy olgan turkchada suv isituvchisi, isitma qozonlari, qozon kabi soʻzlar ishlatilar ekan. Erinmagan odamlar-yey, tayyorini, osonini olib qoʻyavermaysizlarmi, deydigan
odam yoʻq.
Keda – krossovkaning bir turi
Xalq tilida kita, keta, keda kabi talaffuz qilinadigan bu soʻz rezina taglikli oyoq kiyimini anglatadi. AQSHdagi U.S. Rubber kompaniyasi 1916-yildan Keds savdo belgisi ostida shunday oyoqkiyimlar ishlab chiqara boshlaydi. U dastlab sport mashgʻulotlari uchun moʻljallangan edi, keyinchalik kundalik turmushda ham ommalashadi.
Kedalarning krossovkalar va boshqa sport poyabzallaridan asosiy farqi tagliklarida – ular egilib tiklanuvchi rezinadan ishlab chiqariladi. Ustki qismi odatda turli matolardan ishlanadi.
Issiq-sovuqlarga dosh bergan nom – termos
Xalq tilida termiz shaklida qoʻllanadigan bu soʻz ichiga solingan issiq yoki sovuq narsani uzoq vaqt shu holicha saqlaydigan maxsus idishni anglatadi. Termoslarda asosan choy yoki ovqat saqlaymiz.
Bunday turdagi idishni 1892-yili shotland fizigi va kimyogari Jeyms Dyuar ixtiro qilgan. Shu bois ilmiy doirada termoslar Dyuar idishlari deb ataladi.
Dyuarning ixtirosini 1904-yili nemis kompaniyasi tijoriy mahsulotga aylantiradi. U Thermos savdo belgisi ostida ishlab chiqarila boshlaydi. Vaqt oʻtib savdo belgisi bevosita idishning nomiga aylanadi. Termos atamasi bugun juda koʻp dunyo tillariga kirib borgan.
Akvalangdan Kusto hayratda
Eshitgan, oʻqigan boʻlsangiz kerak, suv ostiga shoʻngʻiganda kiyiladigan nafas olish apparati akvalang deb ataladi. Mashhur dengiz sayyohi Jak Iv Kusto va muhandis Emil Gayan xavfsiz va foydalanishga qulay suvosti nafas apparatini ixtiro qiladi. 1943-yili Kusto va Jan Delorm Aqua Lung International firmasiga asos soladi. Bu korxona nafas apparatlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashadi.
Aqua Lung nomini Jak Iv Kusto oʻylab topadi, u lotincha aqua – suv va inglizcha lung – oʻpka soʻzlaridan hosil boʻlgan. Maqsad Amerika bozoriga kirish edi. Bu soʻz hozir ham dunyoning juda koʻp tillarida savdo belgisini anglatadi. Faqat sobiq Ittifoq hududidagina u nafas uskunasi nomiga aylangan. Bu soʻz oʻzbek tili lugʻatlaridan ham joy olib ulgurgan. Akvalang soʻzga aylanib ketishini Jak Iv Kustoning oʻzi ham kutmagan boʻlsa kerak.
Vazelin – neft sharbati
Tibbiyot, kosmetika va texnikada ishlatiladigan quyuq moy – vazelinni 1859-yili ingliz kimyogari Robert Chezbro hosil qilgan. Dastlab u oʻz mahsulotiga petroleum jelly, yaʼni neft sharbati deb ot qoʻyadi. Biroq bu nom xaridorlarni jalb eta olmaydi. Soʻng u “Vazelin” degan nom oʻylab topadi. Nemischa wasser – suv, yunoncha elaion – moy soʻzlarini chatishtiradi va soʻz oxiriga ilmiyroq koʻrinishi uchun -ine qoʻshimchasini qoʻshadi. Natijada vaseline soʻzi hosil boʻladi.
Ixtirochi 1872-yili bu mahsulot uchun patent oladi va 1878-yili Vaseline soʻzini savdo belgisi sifatida roʻyxatdan oʻtkazadi. Vaqtlar oʻtib nom soʻzga aylanib ketadi.
Vikipediyaning yozishicha, agar savdo belgisi soʻzga aylanib ketsa, huquqiy himoyasidan mahrum boʻladi va undan istalgan ishlab chiqaruvchi foydalanishi mumkin.
Diktofon – eng eski savdo belgilaridan biri
Diktofon – AQSHdagi eng eski savdo belgilaridan biri. Uning tarixi telefon asoschilaridan Aleksand Graham Bellga borib taqaladi.
Diktofon soʻzini Columbia Graphophone Company kompaniyasi 1907-yili savdo belgisi sifatida roʻyxatdan oʻtkazadi. Bu savdo belgisi ostida ogʻzaki nutq, kuy va tovushlarni yozib olib, qayta eshittiradigan qurilmalar ishlab chiqarila boshlaydi. Keyinchalik savdo belgisi qurilmaning nomiga aylanib ketadi.
Yuz yildan oshiqroq vaqt davomida bu uskunaning shakli va ishlash tarzi juda koʻp oʻzgardi, lekin vazifasi oʻsha-oʻsha. Bugun qoʻlimizdagi telefonlarda ham diktofon xizmati bor.
Darvoqe, diktofonning yaqin qarindoshi va bugun deyarli ishlatilmaydigan magnitofon ham bir paytlar savdo belgisining nomi boʻlgan.
Fen – Alp togʻlari shamoli
Deyarli har birimiz fendan foydalangan boʻlsak kerak. Oʻzbekchada sochquritkich, sochquritar deb ifodalash mumkin boʻlgan bu uskunaning asosiy jihati issiq yoki sovuq havo purkashidir. U XIX asr soʻngida ixtiro qilingan. Albatta, dastlabki soch quritish moslamalari hajman katta va anchagina noqulay edi.
Fen soʻzi bizga rus tili orqali kirib kelgan. Nemislarning elektr jihozlar ishlab chiqaruvchi AEG kompaniyasi 1908-yili sochquritkich uchun Fön savdo belgisini roʻyxatdan oʻtkazadi. Bu soʻz Alp togʻlaridan esadigan issiq shamol – foʻnga ishora edi. Vaqtlar oʻtib savdo belgisi bevosita jihozning oʻzini anglata boshlagan.
Aspirin – nemis savdo belgisi
1897-yili nemis kimyogari Feliks Hofman atsetilsalitsil kislotasini tibbiyotda qoʻllash mumkin boʻlgan shaklda ajratib oladi. Bu kislotaning xomashyosi tol daraxtining poʻstlogʻi edi. Feliks ishlaydigan Bayer AG kompaniyasi yangi dorini Aspirin savdo belgisi bilan roʻyxatdan oʻtkazadi. Keyinchalik bu soʻz dori nomiga aylanadi.
Hofman revmatizm bilan ogʻriydigan otasini davolash ilinjida bu dorini ixtiro qilgan edi. Dori isitma tushiruvchi, yalligʻlanishga qarshi, ogʻriq qoldiruvchi xususiyatlarga ega. Revmatizmni davolashda ham ishlatiladi.
Maʼlumotlarga koʻra, dunyoda har yili 80 milliarddan ortiq aspirin habdorisi ichiladi.
Odekolon – Kyoln suvi
1709-yili nemis ishbilarmoni Yohan Farin atir ishlab chiqarishni boshlaydi va unga Kölnisch Wasser – Kyoln suvi deb nom beradi. Asta-sekin bu atir turi shuhrat qozonadi. 1863-yilga kelib Kyolnda bunday atir sotadigan parfyumeriya doʻkonlari soni 63 taga yetadi. Bu doʻkonlarning egalari oʻzini Farinlar oilasiga qarindosh deb sanardi.
XVIII asrning ikkinchi yarmida Kyoln suvi Fransiyaga yetib boradi va nomi fransuzchaga oʻgiriladi: Eau de Cologne. Faranglar tilida U doʻ Koʻloʻni deb talaffuz qilingan nom ruschaga O de Kolon shaklida oʻtadi va xushboʻy suyuqlikka nisbatan ishlatila boshlaydi. Ruscha orqali esa oʻzbekchada oʻtroqlashadi.
Daryo.uz nashrida eʼlon qilingan.
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.