Ilvasin nima?

Ilvasin soʻzini yirtqich yoki sudralib yuruvchi hayvon maʼnosida tushunish koʻp uchraydi. Lekin bu xato, u goʻshti uchun ovlangan yoki ovlanadigan yovvoyi parrandalarni anglatadi:
Ilvasindan oʻzbek pazandaligida bedana, kaklik, tustovuq juda noyob masalliq tarzida ishlatiladi.
K. Mahmudov, “Oʻzbek tansiq taomlari”.
Soʻzning maʼnosini yaxshiroq tushunish uchun boshqa bir jumlani koʻrib chiqamiz:
Qirgʻiy – ilvasinga solinadigan qush.
Bu gapda qirgʻiy ov qushi ekani, u ovlanadigan qushlarni tutish uchun ishlatilishi aytilyapti. Demak, ilvasin qush maʼnosida.

Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, ilmiy-ommabop, adabiy-tahliliy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.