Investitsion chorshanba 😁
Taniqli muharrirlardan biri mana bu skrinshotni guruhga tashladi. Kulgim qistadi-yu, lekin bunaqa holatlar menga begona emas. Tarjimalar tahririda koʻp uchrataman. Baʼzi “tarjimoni zamon”lar gugl okamgilarning ijodini “Mana tarjima!” deb bervoraveradi. Koʻpi zarra xijolat tortmaydi. Baʼzilari oʻzining haqligini isbotlamoqchi ham boʻladi. Qilgan ishing koʻrsatib turibdi-ku holatingni. Yana nimani isbotlamoqchi boʻlasan, deydigan odam yoʻq.
Rasmdagi holat gugl tarjima tufayli emas, menimcha. Shunchaki malaka yetishmasligi, havaskorlik natijasi, rus tilini yangi oʻrgangan odamga yoki birorta talabaga tekin tarjima qildirish oqibati.
❗️ Investitsionnaya sreda oʻzbekchada investitsion muhit, sarmoya muhiti boʻladi. U sarmoya kiritish va faoliyat yuritish uchun yaratilgan huquqiy, iqtisodiy, ijtimoiy, ekologik shart-sharoitlar yigʻindisini anglatadi. Bunday shart-sharoitlar sarmoyaning foydaliligi, risklari va likvidligiga juda katta taʼsir koʻrsatadi.
Bu iborani koʻpincha investitsion iqlim shaklida ham ishlatishadi.
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.